O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Paxtachilikda urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi mutaxassislari nazorati ostida tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini olib kirish hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10 foizigacha joylashtirishga, istisno tariqasida, ruxsat beriladi.
Bunda quyidagilar talab etiladi:
karantin ruxsatnomasi, eksport qiluvchi mamlakatning o‘simliklar karantini va ularni himoya qilish bo‘yicha davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitariya sertifikati yoki guvohnomasi mavjudligi;
xorijdan keltiriladigan g‘o‘za navlari va duragaylaridan paxta hosili yetishtirishda hamda ularning urug‘larini ko‘paytirishda import qiluvchi tomonidan intellektual mulkka da’vo qilmaslik;
xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini olib kelishda nav originatorlari (patent egasi) bilan litsenziya shartnomasi tuzish talab qilinsa, litsenziya xarajatlarini import qiluvchi korxona tomonidan qoplash;
kelgusi yillarda ekish uchun xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini mahalliy sharoitda yetishtirishni tashkil etish;
navlarning biologik va mexanik ifloslanishining oldini olish maqsadida g‘o‘za navlari ekilayotgan hududlarda nav joylashtirish tartibiga qat’iy amal qilish.
Xorijdan keltirilgan g‘o‘za navlari va duragaylarini parvarishlashda har bir navga xos bo‘lgan yuqori samarador agrotexnologiyalarni qo‘llash Paxtachilik kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda tegishli ilmiy tashkilotlar kuzatuvida amalga oshiriladi.
Paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan g‘o‘za navlarini joylashtirishda kafolatlangan urug‘ ta’minotiga muvofiq erkinlik beriladi, bunda yuqori hosildor mahalliy navlarga ustuvorlik beriladi.
Bir konturda uzluksiz 2 yil davomida bir navni joylashtirishga ruxsat berilmaydi.
Hududlarda har 2 yilda ekilayotgan navni to‘la almashtirish, har yili tegishli nav urug‘ini boshqa hududlardan olib kelish orqali urug‘ almashtirish va yillik qo‘shimcha urug‘ zaxirasini yaratish bilan kelgusida bosqichma-bosqich "tindirilgan urug‘" ekish amaliyoti joriy qilinadi.
Qaror bilan 2024-2026 yillarda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta hosildorligi gektariga 30 sentnerdan oshmaydigan hududlarda xorijdan import qilinadigan yoki yuqori hosildor yangi mahalliy g‘o‘za navlari sinovlari o‘tkaziladigan hamda yangi ilmiy ishlanma va samarador agrotexnologiyalar joriy qilinadigan hududlar ro‘yxati tasdiqlandi.
O‘zA