O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Paxta xomashyosini muqobil manbalar hisobidan moliyalashtirayotgan qishloq xo‘jaligi sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga 2025 yil hosilidan birja savdolari orqali realizatsiya qilingan paxta xomashyosi uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
qishloq xo‘jaligi sub’ektlarining birja savdolari orqali realizatsiya qilgan paxta xomashyosiga subsidiya olish uchun murojaat qilish tartibi;
subsidiyani moliyalapggirish va ajratish hamda undan foydalanish tartibi belgilab berilgan.
Qarorga muvofiq, ikki hafta muddatda paxta xomashyosi va urug‘liklarini yetishtiruvchilar hamda ularni qabul qilib olgan xo‘jaliklar tomonidan rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-faktura ma’lumotlari “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilish orqali real vaqt rejimida taqdim etilishi yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yilning 5 sentyabrigacha har oyning 5-sanasida hisobot oyida paxta xomashyosi yetishtiruvchilar tomonidan elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilgan holda birjada realizatsiya qilingan paxta xomashyosi hamda paxta xomashyosini qayta ishlashdan olingan tola va ikkilamchi mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga taqdim etib boriladi.
Mazkur Vaqtinchalik nizom paxta xomashyosi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga 2025 yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan har bir tonna paxta xomashyosi uchun bir million so‘mdan subsidiya ajratish tartibini belgilaydi. Bunda subsidiyalar “O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi” AJda tuzilgan fyuchers, forvard, spot shartnomalari (shartnomadan ortiqcha topshirilgan paxta xomashyosi ham inobatga olinadi) hamda “Agrodoks” axborot tizimi orqali urug‘lik paxta yetishtirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar doirasida yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish samaradorligini oshirish va mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025 yil 28 martdagi PQ-131-son qarorining 8-bandi “b” kichik bandida nazarda tutilgan tartibda sotilgan va Soliq qo‘mitasining bazasida ro‘yxatga kiritilgan elektron hisobvaraq-faktura bo‘yicha rasmiylashtirilgan paxta xomashyosining har bir tonnasi uchun ajratiladi.
Vaqtinchalik nizom talablari 2026 yil 1 yanvarga (spot shartnomalari uchun 2026 yil 1 aprelga) qadar 2025 yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan paxta xomashyosi uchun tatbiq etiladi, paxta-to‘qimachilik klasterlari, paxta xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan to‘rtinchi va beshinchi sanoat navli paxta xomashyosiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
O‘zA