Poytaxtimizda Urug‘chilikni rivojlantirish markazining 2026 yil hosili uchun urug‘lik paxta yetishtirish bo‘yicha e’lon qilingan tanloviga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi matbuot xizmati rahbari Charos Omonova tomonidan quyidagilar ma’lum qilindi.
Qayd etilganidek, 15 yanvardan paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtiruvchi sub’ektlar o‘rtasida tanlovlar boshlandi. Prezidentimiz hamda Vazirlar Mahkamasining qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligini yanada rivojlantirish, sohada zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida muhim jarayon boshlanmoqda.

Xususan, 2026 yil hosili uchun paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini yetishtiruvchi sub’ektlar o‘rtasida 5 fevralga qadar tanlovlar o‘tkaziladi.
Tanlov “E-urug‘” axborot tizimi orqali tashkil etiladi. Shu munosabat bilan urug‘lik yetishtirish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlardan belgilangan muddatlarda tizim orqali arizalar qabul qilinayotgani ma’lum qilinadi.
Mazkur tanlovda ishtirok etishni istagan fermer xo‘jaliklari, klasterlar, qishloq xo‘jaligi korxonalari va boshqa manfaatdor sub’ektlar belgilangan muddatda platformada ro‘yxatdan o‘tishlari va zarur hujjatlarni elektron tarzda yuklashlari zarur.
Tanlovning asosiy maqsadi – 2026 yil hosili uchun sifati, navdorligi va agrotexnik talablarga javob beradigan g‘o‘za urug‘larini yetishtirishda ishtirok etuvchi mas’ul va tajribali sub’ektlarni aniqlash, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va urug‘chilik tizimini yanada takomillashtirishdan iborat.
Tegishli me’yoriy hujjatlarga muvofiq, tanlov yakunida g‘olib deb topilgan sub’ektlarga urug‘lik paxta yetishtirish uchun maydonlar biriktiriladi hamda ular ustidan monitoring va aprobatsiya tadbirlari olib boriladi. Qo‘shimcha ma’lumotlar va platformaga kirish bo‘yicha ko‘rsatmalar “E-urug‘” axborot tizimi orqali taqdim etiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA