Yangilik
Texas A&M universitetining Tuproqshunoslik va o‘simlikshunoslik bo‘limi AgriLife tadqiqot markazi olimlari paxtaning qiymatini oshirish yo‘lida muhim bosqichga erishdi. Markazning o‘simlik biotexnologi, falsafa doktori Keyerti Razore boshchiligidagi jamoa paxta urug‘ini oziq-ovqat mahsuloti sifatida qo‘llash bo‘yicha ilk amaliy qadam tashladi.
Keyerti Razore 30 yildan ortiq vaqt davomida paxta urug‘ining inson salomatligi uchun foydali bo‘lgan xususiyatlarini o‘rganib kelmoqda. Gossipol – o‘simlikda tabiiy uchraydigan va himoya vazifasini bajaradigan birikma bo‘lib, insonlar va ayrim hayvonlar uchun zaharli sanaladi. Shu sababli paxta urug‘i asosan qoramol yemi sifatida ishlatilardi. Olim tomonidan yaratilgan ultra-past gossipolli paxta esa bu to‘siqni yo‘q qilib, urug‘ni inson va turli hayvonlar uchun xavfsiz oqsil manbaiga aylantiradi.
Mazkur texnologiyani joriy etishda O‘zbekiston dunyoda birinchi bo‘ldi. Texas A&M universiteti tizimi bilan rasmiy hamkorlik doirasida respublika ushbu innovatsiyani amaliyotga tatbiq qilishni boshladi. Bu tashabbus O‘zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi Genomika va bioinformatika markazi orqali amalga oshiriladi. Markaz ilgari RNAi asosida uzun tolali paxta navlarini yaratishda muhim loyihalarga bosh bo‘lgan. Bu hamkorlik ikki yo‘nalishda foyda keltiradi – O‘zbekiston uchun yangi biotexnologiyalar, AQSH uchun esa ilg‘or ilmiy yondashuvlar. Genetik materiallar va biotexnologik yechimlar o‘zaro almashiladi, bu esa ikki davlat paxtachiligida sinergetik yutuqlarga yo‘l ochadi.
Keyerti Razore ishlab chiqqan paxta navlari 2018 yilda AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan dala ekinlari sifatida tasdiqlangan. 2019 yilda esa AQSH Oziq-ovqat va dori vositalari boshqarmasi ushbu navlarni oziq-ovqat va yemish sifatida foydalanishga ruxsat bergan. Shunga qaramay, hozircha AQSHda bu xususiyat tijoriy urug‘ kompaniyalari tomonidan keng joriy qilinmagan. Texnologiyaning salohiyati katta – paxta o‘simligi og‘irlik bo‘yicha tolaga nisbatan 1,6 baravar ko‘proq urug‘ beradi. Har yili dunyoda 40 million tonna paxta urug‘i yetishtiriladi. Agar bu miqdor xavfsiz oziq-ovqatga aylantirilsa, millionlab insonlar uchun oqsil muammosi hal bo‘lishi mumkin.
Ikki tomonlama ilmiy aloqalarni mustahkamlash va ilg‘or texnologiyalarni yurtimizga olib kirishda Texas A&M universiteti bitiruvchisi, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri, biologiya fanlari doktori, akademik Ibrohim Abdurahmonov muhim tashabbuskor sanaladi.
– Eng ilg‘or paxta innovatsiyalarining transfer qilinishi O‘zbekiston paxtachilik sanoati uchun katta imkoniyat, – deya fikrini bildiradi Ibrohim Abdurahmonov. – Bu nafaqat ilmiy doiralar, balki hukumat va fermerlar uchun ham dolzarb bo‘lib, mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligi maqsadlariga to‘liq mos keladi.
Tadqiqot texnologiyalari RNAi asosida ultra-past gossipolli xususiyatni O‘zbekistonga moslashtirilgan navlarga tatbiq etishga imkon yaratadi. Keyerti Razorening so‘zlariga ko‘ra, Abdurahmonov asos solgan Genomika va bioinformatika markazi ushbu texnologiyani o‘zlashtirish uchun zarur tajribaga ega. Bu markaz ilgari RNAi asosida uzun tolali paxta navlarini yaratgan va tijoratga muvaffaqiyatli joriy qilgan.
Ibrohim Abdurahmonovning qayd etishicha, mazkur navlar Texas A&M va AQSH Qishloq xo‘jaligi tadqiqot xizmati bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Ultra-past gossipolli paxta urug‘i insoniyat uchun yangi umid – global oziq-ovqat xavfsizligi, barqaror paxtachilik va ikki tomonlama ilmiy taraqqiyot sari yo‘l ochmoqda.
A.RUSTAMOV, O‘zA