Surxondaryo viloyatida paxta yig‘im-terimi mavsumiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Joriy yil hosili uchun viloyatda 1 ming 945 fermer xo‘jaligi 62 ming 852 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, salmoqli hosil yetishtirdi. Ayni kunlarda paxta dalalarida so‘nggi agrotexnik tadbirlar amalga oshirilib, g‘o‘za bargi suniy to‘ktirilmoqda. Defoliatsiyani tez, sifatli bajarish uchun vohada yetarli texnika, ishchi kuchi va purkagichlar jalb etildi.

Muzrabot tumanidagi 220 ga yaqin fermer xo‘jaligida 7 ming gektar maydonda paxtaning mahalliy iqlimga mos, serhosil va ertapishar navlari parvarishlanmoqda. Bu yil 6 ming 82 gektar maydondagi paxta g‘o‘zalarining bargi suniy yo‘l bilan to‘ktiriladi. Hozirgacha ikki ming gektardan ortiq maydon defoliatsiya qilindi.

Tuman hokimi Abdulla Mamatqulov paxtachilik-to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaligi rahbarlari va sohaning boshqa mas’ul xodimlari ishtirokida defoliatsiya ishlarining borishini tahlil qilib, g‘o‘za bargini belgilangan muddatda suniy yo‘l bilan to‘ktirishning hosildorlikni oshirish va sifatli tola olishdagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritdi. Soha xodimlari va fermerlarga mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, paxtachilikda muhim bu tadbirni tez, sifatli yakunlash yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab berdi.

Bo‘lg‘usi yig‘im-terim mavsumida surxondaryolik paxtakorlar Xitoyda ishlab chiqarilgan “FM WORLD 4MZ-4” rusumli paxta terish mashinalaridan foydalanishni ham rejalashtirmoqda. G‘o‘za bargining to‘ktirilishi zamonaviy terim agregatlari yordamida hosilni yanada sifatli yig‘ib olishga xizmat qiladi.
Viloyatda g‘o‘za defoliatsiyasi davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri