Sirdaryo viloyatida paxta terimi mavsumiga tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallaga kirdi. Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xovos tumanida bo‘lib, hosil yig‘im-terimi jarayonlari uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar bilan tanishdi.
“Jingu Sanoat Parki” mas’uliyati cheklangan jamiyatida hozirgacha 139 ta zamonaviy paxta terish mashinalari keltirilib, ular 105 ta fermer xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatishga tayyor holatga keltirildi. Barcha texnika mavsum boshlanishidan oldin to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilib, ehtiyot qismlar va yoqilg‘i-moy qo‘shimchalari zaxirasi yaratildi.


Tashrif chog‘ida qayd etildiki, hosilning katta qismi Shinjon texnologiyasi asosida parvarish qilingan. Bu usul mehnat unumdorligini sezilarli darajada oshirib, hosilni qisqa muddatda va sifatli yig‘ib olish imkonini beradi.
Vazir hududdagi holat bilan tanishar ekan, mas’ullar zimmasiga paxta terimida terim mashinalar imkoniyatidan keng foydalanish, mavjud texnikalarni 100 foiz holatda tayyorlash va mexanizatorlar zaxirasini to‘liq shakllantirish vazifalarini qo‘ydi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri