Joriy yilda Sirdaryo viloyatidagi 1929 ta fermer xo‘jaligining 77 500 gektar ekin maydoniga chigit ekilib, shartnomaga asosan 270 ming tonna paxta xomashyosi topshirish rejalashtirilgan. Bugungi kungacha dalalardan 160 ming tonnaga yaqin “oq oltin” terib olindi.
– Viloyatning Sayxunobod, Sirdaryo, Boyovut tumanlarida paxta yig‘im-terimi mavsumi to‘g‘ri tashkil etilganligi tufayli terim ko‘rsatkichlari yuqori bormoqda. Paxta yig‘im-terimiga 61 ming terimchi jalb qilingan bo‘lib, ular kuniga o‘rtacha 75-95 kilogrammdan paxta termoqda. Mavsum boshidan buyon terimchilar 71 ming tonna paxta xirmonini yaratdi. Shuningdek, 192 ta paxta terish mashinasi jalb etilgan bo‘lib, ular shu kungacha 88 ming 67 tonna paxta terdi, – deydi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Sirdaryo viloyat kengashi raisi Ro‘ziqul Pirimqulov.
Xirmonga o‘z hissasini qo‘shish istagida bo‘lgan xotin-qizlar, boshqa hasharchilar uchun sharoit yaratildi. Minglab terimchilar o‘z ixtiyorlari bilan paxta terimiga chiqdi. Buning natijasida fermer xo‘jaliklari hamda paxta-to‘qimachilik klasterlarining manfaatdorligi ham oshib bormoqda.
Shu bilan birga fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Kasaba uyushmalari, viloyat adliya boshqarmasi tomonidan majburiy mehnatga barham berish, majburiy mehnat uchun javobgarlikning qat’iyligi bo‘yicha fuqarolar va mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish maqsadida joylarda, aholi o‘rtasida keng ko‘lamda tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA