Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paxta tannarxining oshishi fermer mehnatiga munosib rag‘bat
15:09 / 2022-08-11

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2022 yil 27 iyul kuni paxtachilikdagi dolzarb vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda bugungi iqlim sharoitida g‘o‘zani parvarishlash va hosildorlikni ta’minlash bo‘yicha muhim tavsiya, ko‘rsatmalar berilib, ularni barcha hududlarda amalga oshirish bo‘yicha “Dolzarb 30 kunlik” e’lon qilindi.

Paxta narxining oshgani esa mehnatga yarasha rag‘batlantirishda qo‘l keladi. Jahon bozorida shakllangan narxlar, mas’ul etib belgilangan vazirlik va idoralar takliflarini inobatga olgan holda O‘zbekistonda yetishtirilgan 1 tonna paxta xom ashyosining minimal narxlari belgilandi. Ya’ni, o‘rta tola navli paxta xomashyosi minimal narxi (QQS bilan birga) 10 ming 25 so‘mni, 1 tonna ingichka tola navli paxta xomashyosi minimal narxi (QQS bilan birga) 15 ming 120 so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yillarda 1 kilogramm paxta xom ashyosining narxi 7 ming 100 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 10 ming 25 so‘mga oshganligi fermer xo‘jaliklari manfaatdorligini oshiradi.

E’tiborlisi, tavsiya etilayotgan minimal narxdan kelib chiqqan holda paxta xom ashyosini yetishtiruvchi va uni qabul qiluvchi sub’ektlar shartnomaviy munosabatlar doirasida paxta xom ashyosi narxlarini o‘zaro manfaatli kelishuv asosida mustaqil ravishda belgilaydi.

“Shamsiddin hoji” fermer xo‘jaligimiz Namangan tumanida joylashgan bo‘lib, 2021 yilda 38,3 gektar yerda paxta va 38 gektarda esa g‘alla yetishtirilgan. O‘tgan mavsumda paxta yetishtirish shartnomaviy rejasi 40 sentner bo‘lib, “Toshbuloq tex” paxtachilik klasterga 44,7 sentnerdan jami 171,2 tonna paxta topshirib, rejani 111,5 foizga bajardik. Paxta xom ashyosini klasterga sotish orqali 1 milliard 200 million so‘m daromad ko‘rib, 30 nafar doimiy va 150 nafar mavsumiy ishchining bandligi ta’minlandi. Joriy yilda 32,8 gektar maydonda paxta xom ashyosi parvarishlayapmiz, shartnomaviy rejamiz 53,6 sentner bo‘lib, 176 tonna hosil olish prognoz qilingan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Respublikamizda yetishtirilayotgan o‘rta tola navli paxta xom ashyosini o‘tgan yilga qaraganda 3 ming so‘mga oshirib berilgani eng avvalo, davlatimiz rahbarining fermerlik harakatini keng quloch yoyish, fermerlar mehnatini munosib rag‘batlantirish yo‘lidagi katta g‘amxo‘rligi bo‘ldi. Shu o‘rinda, bu boradagi takliflarni rahbariyatga kiritishda bosh-qosh bo‘lgan O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashini chinakamiga, fermerlarning yaqin ko‘makchisiga aylanganini e’tirof etish joiz.

Bunday ijobiy yangilik va qulayliklar eng avvalo, biz fermerlar uchun yetishtirilayotgan paxta xom ashyosining narxi oshganligi orqali olinadigan daromadlardan nafaqat fermerning o‘zi, balki ularning a’zolariga ham manfaatdor, ko‘riladigan qo‘shimcha daromaddan moddiy texnika bazani yangilash, sifatli urug‘lar sotib olish, yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shimcha o‘g‘it berish, yer bonitetini muntazam oshirib borish va yerning meliorativ holatini yaxshilashga katta imkon beradi.

A’zamjon Bahriddinov,

Namangan viloyati Namangan tumanidagi 

“Shamsiddin hoji” fermer xo‘jaligi  rahbari.

O‘zA