Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paxta qabul qilish maskanlari mavsumga tayyor
20:49 / 2022-09-16

Shu kunlarda barcha hududlarda yetishtirilgan hosilni kuzning yog‘in-sochinli kunlariga qoldirmasdan yig‘ishtirib olish ishlari boshlab yuborilgan.

2022 yil paxta hosili uchun Navoiy viloyatda 31 ming 655 gektar maydonga chigit qadalgan bo‘lib, 115 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan.

Viloyatda “Baht textile” MCHJ, “Navbahor textile” MCHJ, “Navoi Textile Group” MCHJ va “Xudoyshukur bobo klaster” MCHJ paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlari va ularga tegishli Qiziltepa, Xatirchi va Navbahor paxta tozalash korxonalari tizimida 16 ta paxta qabul qilish maskanlari mavjud.

Ayni paytda fermer xo‘jaliklarida paxta yig‘im-terim ishlari boshlab yuborilgan. Paxta terimida viloyat bo‘yicha 898 dona tirkama va 10 dona paxta terish mashinasi qatnashishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning barchasi texnik soz holatga keltirilgan.

“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Baxt tekstil” MCHJ qo‘shma korxonasining Xatirchi filialiga qarashli paxta qabul qilish maskanlari va korxona oldi paxta qabul qilish maskanida mavsumga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.

Joriy yilda Xatirchi tumanida 236 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 10 ming 465 gektarga chigitning “Sulton” va “S-01” navlari ekilgan.

Ishtirokchilar dastlab Jo‘raqul Tursunov nomidagi paxta qabul qilish maskanida bo‘ldi.

– Bu yil maskanimizda 45 ta fermerdan 7,5 tonna paxta xom ashyosi qabul qilib olish rejalashtirilgan, – deydi maskan mudiri Xudoynazar Isomurodov. – Maskanimiz mavsumga shay. Paxta xom ashyosini tushiruvchi mexanizmlar, g‘aram maydonlari tartibga keltirildi. 1-kategoriyali brizentlar bilan ta’minlangan hamda suv saqlash hovuzlari, elektr yoritgichlar va yong‘in xavfsizligi jihozlari ishchi holatda. Paxtani o‘lchash vositalari va laboratoriya jihozlari tegishli tartibda qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilgan.

Keyingi manzil Otaqul Ravshanov nomidagi paxta qabul qilish maskani bo‘ldi. Bu yerda 40 ta fermer xo‘jaligi dalasida yetishtirilgan 6 ming tonnadan ziyod paxta xom ashyosi qabul qilinadi. Ayni paytda fermerlar tomonidan yig‘ishtirib olinayotgan hosil qabul qilinmoqda.

– Fermer xo‘jaligimizda 80 gektar yer maydoni bo‘lib, joriy yilda 40 gektar maydonga chigitning “Sulton” navini ekkan edik, – deydi “Farmon Eldor” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Shahobiddin Boboyorov. – Qilingan mehnatlarimiz zoye ketmadi. Dalalarimizda mo‘l hosil yetishtirildi. Hozirda terim ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Kuniga 10-15 tonna atrofida paxta terib, qabul maskaniga yetkazib bermoqdamiz. 20 ish kunida belgilangan rejani bajarish niyatidamiz.

– Paxta qabul qilinishida shaffoflik va ochiqlik tamoyillariga to‘liq rioya qilinishi, chegirma va ustamlarning to‘g‘ri qo‘llanilishi, fermer xo‘jaliklari va paxta to‘qimachilik klasterlari o‘rtasida nizoli holatlar kelib chiqishiga o‘rin qoldirmaslik laboratoriya tahlillarining adolatli o‘tishi bilan chambarchas bog‘liq, – deydi inspeksiyaning viloyat boshqarmasi bosh inspektori Ulug‘bek Yusupov. – Shuning uchun har bir maskanda laboratoriya mavjud bo‘lib, ularda fermer yoki uning vakili ishtirokida olib kelingan paxta xom ashyosining sifat ko‘rsatgichlari tekshiruvdan o‘tkaziladi. Mavsum avvalida inspeksiya xodimlari tomonidan paxta qabul qilish maskanlarida 2022 yil paxta xom ashyosini to‘g‘ri va sifatli qabul qilishda korxonalarning mavsumga tayyorgarligi, me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlanganligi, o‘lchov vositalarini davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilishi, normalariga rioya qilinishi ustidan nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Press-tur ishtirokchilari korxona oldi paxta qabul qilish maskanida paxtani laboratoriya ko‘rigidan o‘tkazilish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar va shu yerning o‘zida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda “Arbitraj guruhlari” haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda 101 ta urug‘lik paxta yetkazib beruvchi xo‘jaliklar tomonidan 3166 gektar yer maydonga urug‘lik chigit ekilgan bo‘lib, tumanlarda tashkil etilgan aprobatsiya ishchi guruhi yakuniy xulosasiga ko‘ra, 2842 gektar urug‘lik g‘o‘za maydoni yaroqli, deb topilgan. Ushbu yaroqli deb topilgan maydonlardan 4437 tonna urug‘lik paxta terib olinib, 4 ta paxta qabul qilish maskanlariga yetkaziladi.

Matbuot anjumani yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA