So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi natijasida kuzatilayotgan suv tanqisligini yumshatish, shuningdek sohaga xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini keng joriy qilish va investitsiya mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Qishloq xo‘jaligi vazirining Turkiya tadbirkorlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasining takomillashtirilgan tizimi “Tarteksan” texnologiyasini O‘zbekistonda joriy qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan edi. Uchrashuv yakuni bo‘yicha mazkur texnologiyani kompaniyaning investitsion mablag‘lari hisobiga mamlakatimizning ma’lum bir hududida joriy etish, bunda erishilgan samaradorlik natijasiga ko‘ra respublika bo‘ylab keng joriy etishga kelishilgan.

Shundan kelib chiqib, Turkiyaning tegishli kompaniyasi bilan “Tarteksan” texnologiyasini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi “Shukrullo yasmina agro” fermer xo‘jaligining 12 gektar paxta maydonida tajriba uchastkasi tashkil qilindi.
Qayd etish lozimki, “Tarteksan” – sug‘orish tizimi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun talab etiladigan o‘g‘it turi, miqdori hamda suv resurslari me’yorini tuproq tarkibidan kelib chiqib, inson omilisiz avtomatik aniqlash imkonini beruvchi qurilma hisoblanadi.

Ushbu tajriba uchastkasida ekilgan g‘o‘zani parvarishlash uchun talab etiladigan har xil turdagi mineral o‘g‘itlar va suv resurslari tuproqning holatidan kelib chiqib, avtomatlashtirilgan tizim orqali berib borilgan. Ushbu jarayon to‘liq Turkiya davlatidan taklif etilgan mutaxassislar tomonidan amalga oshirilib, agronom xizmatlari ko‘rsatib borilgan. Bugungi kunda g‘o‘zaning rivojlanishi judayam yaxshi holatda bo‘lib, bir to‘p g‘o‘zada o‘rtacha 30-32 ta ko‘sak mavjud.
Soha vakillarining ta’kidlashicha, turkiyalik mutaxassislar tuproq tarkibini maxsus qurilma orqali atigi 15 soniyada aniqlab, unga kerakli bo‘lgan ozuqa miqdorini yubormoqda. Bu esa, birinchi navbatda iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydi. Shuningdek, g‘o‘zalarga kerakli miqdorda o‘g‘it yuborilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu tajriba uchastkasini tashkil qilishdan maqsad mavjud suv resurslaridan samarali foydalanishda zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini keng jalb qilish orqali paxta maydonlarida hosildorlikni oshirishga (70-80 s/ga) erishishdan iborat.
Agar tajriba uchastkasida sinovdan o‘tkazilayotgan “Tarteksan” tomchilatib sug‘orish texnologiyasida samarali natijaga erishilsa, kelgusida ushbu texnologiyani mamlakatimizda keng tatbiq qilish rejalashtirilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA