Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Paxta hosili uchun sof holda 256,2 ming tonna azotli o‘g‘itlar yetkazib berildi
18:07 / 2022-06-24

Qaror va ijro

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 fevraldagi «Paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan bozor munosabatlarini keng joriy etish hamda qishloq xo‘jaligida moliyalashtirish va o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar va ularga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning moliyaviy-iqtisodiy holatini yaxshilash, rentabelligini oshirish, yetishtirilayotgan mahsulot hajmlari barqaror o‘sishini ta’minlash borasida ham yuksak natijalarga erishilayotir.

“O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati rahbari Rustambek Eshbekovning qayd etishicha, jamiyat tomonidan ushbu qaror ijrosini ta’minlashga katta e’tibor berilmoqda.

– Shu talablardan kelib chiqib, “O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati va unga qarashli korxonalar tomonidan 2022 yil g‘alla va paxta hosili uchun ajratilgan azotli o‘g‘itlar iste’molchilarga to‘liq yetkazish ishlari tizimli tashkil etilmoqda, – dedi R.Eshbekov. – Joriy yil Qishloq xo‘jaligi vazirligining talabi asosida 30 iyungacha paxta hosili uchun ajratilgan azotli o‘g‘itlar iste’molchilarga to‘liq yetkaziladi.

Xususan, 2022 yil g‘alla va paxta hosili uchun sof holda 555,9 ming tonna, ya’ni g‘alla hosili uchun 272 ming tonna va paxta hosili uchun 283,9 ming tonna azotli o‘g‘itlar, 96,1 ming tonna fosforli va 50 ming tonna kaliyli o‘g‘itlar birja savdolari orqali xarid qilinishi belgilangan. Joriy yilning 23 iyun holatiga ko‘ra, mamlakatimiz iste’molchilariga jami 653,3 ming tonna mineral o‘g‘itlar birja savdolari orqali yetkazib berildi. 528,2 ming tonna azotli, 82 ming tonna fosforli va 43,1 ming tonna kaliyli o‘g‘itlar shular jumlasidandir.

G‘alla hosili uchun ajratilgan 272 ming tonna azotli o‘g‘itlar joriy yilning aprel oyiga qadar to‘liq yetkazib berilgan bo‘lsa, hozirgi kunda paxta hosili uchun birja savdolari orqali sof holda 256,2 ming tonna azotli o‘g‘itlar yetkazib berilgan.

Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning 2018 yil 28 fevraldagi qaroriga asosan 2018 yilning 1 martidan qishloq xo‘jaligiga mineral o‘g‘itlarni bozor munosabatlari asosida faqat birja savdolari orqali sotish mexanizmi joriy qilingan. Shuningdek, hukumatimiz tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar tufayli ushbu yilda fermerlarga mineral o‘g‘itlar uchun xarajatlarni 100 foiz qoplaydigan miqdorda imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.

bugungi kunda kimyo korxonalari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va hududlarda 61 ta mineral o‘g‘it saqlaydigan vakolatli omborlar tashkil qilingan. Ularda g‘alla hosili uchun 300 ming tonna azotli o‘g‘itlar zaxirasi yaratilgan. Bu esa g‘allani mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlari o‘z vaqtida va bosqichma-bosqich amalga oshirish imkonini berdi.

Ayni kunlarda g‘o‘za maydonlarini oziqlantirish ishlari yakuniy pallaga kirdi. Bu jarayonda kimyo korxonalari tomonidan yurtimiz hududlariga bir kunda o‘rtacha 130-135 vagon, ya’ni 10,0-11,0 ming tonna azotli o‘g‘itlar yetkazib berilmoqda.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi