O‘zbekiston Respublika Oliy Majlisi Senatining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev Buxoroda paxta yig‘im-terimining borishi bilan yaqindan tanishdi.
Senator Shofirkon tumani hokimi Jamshid Sharopov hamrohligida “Do‘rman” hamda “Shibirg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi fermer xo‘jaliklarida paxta terayotgan terimchilar, hasharchilar bilan uchrashdi.
– Bugunga kelib tasarrufimizda Do‘rman, Sultonobod, Temirchi va Shibirg‘on mahallalarida ish olib borayotgan 19 ta fermer xo‘jaligining 327 gektarida sara bug‘doy, 863 gektarida esa “oq oltin” yetishtirib kelamiz, – deydi “Do‘rman” hududi raisi Erkin Hikmatov. – O‘tgan yilgi mavsumda 845 gektarli konturdan tumanda peshqadamlar safida davlatga paxta sotish shartnoma rejasini 3 ming 34 tonna o‘rniga 3 ming 630 tonnaga yetkazdik. Bu boradagi rejani 120 foizga uddalagan edik. Joriy dehqonchilik yilida esa jamoamiz bilan 3 ming 24 tonnalik “oq oltin” xirmonini barpo etishga ahd qilganmiz. Shu bois, joriy yilning 9 sentyabridan yig‘im-terimga kirishdik. Fermerlarimizga yaqindan ko‘makka chiqqan 1 ming 100 nafar ko‘ngilli hasharchini o‘zida jamlagan 16 ta terim otryadi kuchi bilan “Buxoro zarhal teks” MCHJ ning “Do‘rman” paxta qabul qilish maskanida jamg‘arilgan hosil salmog‘i 111 tonnaga yetdi. Dala boshida xo‘jaliklarimizga kamarbasta bo‘layotgan terimchilarimiz qo‘lga kiritgan paxta puli ham shu kunga qadar 1 milliard 34 million 626 ming so‘mdan oshdi. Ular jonbozligi bilan bir kunda qabul maskaniga 112 tonna atrofida “oq oltin” topshirilmoqda.
“Do‘rman” hududidagi fermer xo‘jaliklaridan bulturgi mavsumda 9 tasi, umumiy 186 gektar maydon tomchilatib sug‘orish texnologiyasiga o‘tkazilgan. Joriy yil boshida yana 6 ta fermer xo‘jaligi paxta maydoni qo‘shildi. Jami kontur 476 gektarga yetkazildi.
[gallery-8905]
Tajribali dehqon mirishkorlardan Abdurasul To‘yev rahbarligidagi “Dilobod” fermer xo‘jaligida 40 gektar yerdan kutilayotgan “oq oltin” xirmoni 160 tonnadan oshirilishi maqsad qilingan bo‘lsa, Fattullo Ibragimov qo‘li ostidagi “Shohi Guli Mohi” fermer xo‘jaligi mavjud 35 gektar yerdan 140 tonnaga yetkazib xirmon ko‘tarishni rejalashtirgan. Shu kecha-kunduzda “Dilobod”da 85 tonna, “Shohi Guli Mohi”da esa 119 tonna paxta qabul maskanida saranjomlangan.
Shibirg‘on qishlog‘ida faoliyat yuritayotgan ilg‘or fermerlardan biri Telmon Rahmonov boshqarayotgan “Rahmon Bo‘ron mangu Shibirg‘on" fermer xo‘jaligiga kelsak, mirishkorlar shu kunlarda 29 gektar yerdan 113 tonna sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo tayyorlashni maqsad qilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jamoa bu “marra”ni bemalol eplaydi. Sababi xo‘jalikda erta bahordan ko‘zlangan barcha agrotexnik tadbirlar kechiktirmasdan, sifatli amalga oshirilmoqda. Qolaversa, “Rahmon Bo‘ron mangu Shibirg‘on"da chigit ekilgan kontur to‘laligicha tomchilatib sug‘orish texnologiyasiga o‘tkazilgan. Ayni kunda uning dalasida 145-otryadning 70 ga yaqin terimchisi mehnat qilmoqda.
Qo‘mita raisi Bahodir Tojiyev va tuman mas’ullari xo‘jalikdagi shart-sharoit, hosildorlik va terimning borishini ko‘zdan kechirib, ilg‘orlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA