Jizzax viloyati Zafarobod tumaniga qo‘shni viloyatlardan kelib, paxta yig‘im-terimida faol ishtirok etayotgan ilg‘or hasharchi-terimchilar uchun musiqali konsert dasturi namoyish etildi.
Sobiq qishloq xo‘jaligi kolleji yotoqxonasidan qo‘nim topgan qo‘shni viloyatlar hasharchilari uchun, hasharchilar yotoqxonasida barcha qulayliklar yaratilgan. Issiq va sovuq suv, yangi yotoq to‘shaklari va krovatlar bilan ta’minlangan.
– Yotoq joyimizda barcha sharoitlar yaratib berilgan va bizga yaratilgan sharoitdan juda minnatdormiz, – deydi paxta yig‘im-terimiga Samarqand viloyati Jomboy tumanidan kelgan Oysafar Jumaqulova. – 2 mahal issiq ovqat, ertalab saryog‘, qand, non berilayapti. Tushlikni dala boshiga olib borib tarqatishadi. Tergan paxtamizga har 5 kunda hisob-kitob qilinib, naqt pul tarqatilayapti. Ko‘pming kilogrammchi ilg‘or terimchilarimizga har 5 kunda tuman hokimligidan kelib sovg‘a-salomlar tarqatilmoqda.

Tuman hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu ma’naviy-badiiy tadbir davomida Zafarobod tumani hokimi N.Radjapov hamda “Jizzax kenteks” paxtachilik klasteri tomonidan 40 dan ortiq eng ilg‘or terimchilarga rag‘batlantiruvchi sovg‘alar topshirildi.

Shuningdek, ming nafarga yaqin terimchilar uchun doshqozonda to‘y oshi damlanib, tarqatildi.

Tuman madaniyat bo‘limining xushovoz xonandalari tomonidan ijro etilgan sho‘x kuy-qo‘shiqlarga hasharchilar raqs tushib, madaniy hordiq chiqarib kayfiyatlari ko‘tarildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (suratlar) O‘zA