Bugun Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Isitish, ventilyatsiya, havoni sovitish va isitish, suv ta’minoti, santexnika, basseynlar, atrof-muhitni muhofaza qilish texnologiyalari, muqobil energiya manbalari - “Aquatherm Tashkent 2025" 13-xalqaro ko‘rgazmasining ikkinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Unda mahalliy va xorijiy korxonalar qatorida mamlakatimizdagi “Welkin” kompaniyasi ham o‘z imkoniyatlarini taqdim etyapti.
Fursatdan foydalanib, kompaniya menejeri Pavel Voronsov ko‘rgazma jarayonlari va undan kutilayotgan natijalar haqida o‘z fikrini bildirdi:
–Bu galgi ko‘rgazma har yilgidagiga qaraganda juda gavjum. Ishtirokchilar soni oshgan va zamonaviy texnologiyalar namoyishi esa barchaning e’tiborini tortmoqda.
Shu o‘rinda aytish kerakki, O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ko‘rgazmalar mamlakatimizdagi yirik kompaniyalar uchun o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etish, yangi hamkorlar topish hamda bozordagi mavqeini mustahkamlash uchun muhim maydonga aylanmoqda.
Kompaniyamiz haqida to‘taladigan bo‘lsam, “Welkin” mahalliy kompaniya hisoblanadi. Biz Xitoyning nufuzli brendi “MIDEA”ning O‘zbekistondagi rasmiy distribyutori va vakolatli hamkorimiz.

Kompaniyamiz konditsioner tizimlari, havo ventilyatsiyasi, sanoat, maishiy, tijorat va yarim tijorat sohalari uchun mo‘ljallangan zamonaviy uskunalarni taqdim etadi. Shuningdek, maishiy texnikalar turkumida havo tozalagichlar, elektr choynaklar, stabilizatorlar va boshqa turdagi jihozlar ham mavjud.
Eng asosiy maqsad brendimizni yanada keng tanitish va namoyish etishdir. Biz “MIDEA” brendini O‘zbekiston bozorida 2008 yildan buyon faol rivojlantirib kelayapmiz. Shu sababli ko‘rgazmadan asosan brendning ommalashuvi va bozordagi mavqeini mustahkamlashni kutayapmiz. Shu bilan birga, turli targ‘ibot aksiyalarini o‘tkazamiz, viloyatlarda faoliyat yuritamiz va MDH mamlakatlari bilan ham yaqin hamkorlik qilamiz.
Kompaniyamiz mamlakatimizda tashkil etiladigan sohaga doir barcha ko‘rgazmalarda ishtirok etib keladi. Qaysi hududda faoliyatimiz yo‘nalishi mavjud bo‘lsa, biz albatta o‘sha yerda qatnashamiz.
Biz mahalliy bozorda ishonchli hamkorlik muhitini yaratish, yangi texnologiyalarni joriy etish va milliy brend sifatida xalqaro darajada o‘z o‘rnimizni mustahkamlashni maqsad qilganmiz. Shu ma’noda, kompaniya kelgusida ham o‘z maqsadlaridan chekinmay, O‘zbekistonda innovatsion yechimlarni ommalashtirish hamda yuqori sifatli mahsulotlar orqali aholi turmush sifatini yaxshilash yo‘lida faoliyat yuritishni ko‘zda tutadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA