Shu kunlarda Polsha Respublikasi Seymi deputatlaridan iborat “Polsha – O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi raisi Pavel Beyda boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Bugun mehmonlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga tashrif buyurdi.
Majmua direktori Baxtiyor Hasanov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘nggi yillarda mamlakatimizda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning hayoti va merosini chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning erkin turmushi, kelajak avlodning tinch, to‘kin hayotini ta’minlash orzusida mardona kurash olib borib, mustabid tuzum qurboniga aylangan ulug‘ ajdodlarimiz faoliyati va merosini targ‘ib qilish bugungi kunning eng muhim vazifalardan biridir.
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi Vatan ravnaqi, xalq ozodligi yo‘lida nobud bo‘lgan ajdodlarimizning porloq xotirasini tiklash va doimo yod etish maqsadida 2002 yil 31 avgust kuni Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan ochilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qatag‘on qurbonlarini aniqlash va ular xotirasini tiklash, qahramon ota-bobolarimiz nomini abadiylashtirish bo‘yicha izlanishni davom ettirish xususida aniq topshiriq berib, shunday muzeylarni viloyatlarda ham ochish taklifini ilgari surgan. Hozirgacha Qarshi, Andijon va Termizda Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ochildi.
[gallery-9478]
Eksponatlar bilan tanishish asnosida mehmonlarga O‘zbekiston tarixi, ma’rifatparvar ota-bobolarimizning mashaqqatli hayot yo‘li, mustaqillik davrida erishilgan ulkan yutuqlarimiz xususida batafsil ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, Polsha delegatsiyasi a’zolari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqani yanada rivojlantirish, xususan, madaniyat, tarix, ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirishga doir fikr-mulohaza, takliflar bildirdi.
- Turli qit’alarda istiqomat qilsa-da, o‘zbek va polyak xalqlarining o‘xshash jihatlari ko‘p, - dedi Pavel Beyda. – Shu jihatdan har ikki davlatning boy tarixini o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish muhim masala. Bu yumush nafaqat bizning ellarimiz, balki butun dunyo jamoatchiligi uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi. Muzeyga qo‘yilgan eksponatlar tarixni jonlantirgandek, go‘yo. Majmuani ko‘zdan kechirib, juda ta’sirlandim, hayratga tushdim. Bundan buyon hamkorlikni, o‘rnatilgan yaqin do‘stona aloqalarni yanada chuqurlashtirish niyatidamiz. Ayniqsa, ta’lim sohasidagi sheriklikka e’tiborni kuchaytirish rejalashtirilyapti. Hozir Polshada 4 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba ta’lim olyapti. Ular safini muntazam kengaytirish ikki davlat uchun ham manfaatli. Qolaversa, O‘zbekiston hukumati biznesga juda keng yo‘l ochganiga guvoh bo‘ldik. Qonun ustuvorligi, investorlar uchun yaratilgan imkkoniyatlar polyak biznesmenlari uchun ham ayni muddao.
Go‘zal Sattorova,
Nosirjon Haydarov (curat),
O‘zA