Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Patronaj doyalarning ibratli tashabbusi
16:26 / 2026-01-06

Mamlakatimizda Yangi yil bayrami munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlarida xorazmlik patronaj doyalar o‘z kasbiga sadoqat, inson salomatligiga yuksak mas’uliyat namunasini ko‘rsatishdi.

Gap shundaki, ular bayram kunlari ijtimoiy aksiya o‘tkazib, zamon talablariga mos ravishda “onlayn patronaj xizmati”ni yo‘lga qo‘yishdi. Bundan tashqari, oldindan “Xavf” guruhiga kiritilgan ayrim homilador ayollar xonadoniga borib, holati bevosita o‘rganildi.

Bayram kunlari patronaj doyalar DMED elektron tizimi orqali homiladorlarni tuman va viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalariga to‘g‘ri yo‘naltirish ishlarini samarali amalga oshirdilar. Bu esa patronaj doyalarining xavflarni baholash, profilaktik yordam ko‘rsatish va tezkor qaror qabul qilish borasida elektron tizimlar bilan ishlashda yuqori malakaga ega ekanini namoyon etdi.

–  Viloyatda 457 nafar patronaj doya faoliyat ko‘rsatmoqda,– deydi Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh hamshirasi Bikajon Matchanova. – Ularning har biri o‘z hududida elektron ma’lumotlar bazasini yaratib, kunlik, oylik va yillik rejalar asosida ish olib bormoqda. Ular nafaqat tibbiyot xodimi, balki oilaning ro‘yxatsiz a’zosi, ayniqsa, homilador ayolning himoyachisi, huquqiy va ma’naviy maslahatchisiga aylangan. Eng muhimi, bugunning zamonaviy patronaj doyalari o‘z kasbiy mahoratini nafaqat tibbiy jihatdan, balki axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ham izchil ravishda oshirib bormoqdalar.  

Aksiya davomida jami 1 ming 285 nafar homilador, tug‘ruq yoshidagi ayol va katta yoshdagi onaxon onlayn patronaj xizmati bilan qamrab olindi. Ulardan 122 nafar homiladorga ambulator, 35 nafarga statsionar tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Eng muhimi, 10 nafar homilador ayol holati og‘irlashuv xavfi tufayli zudlik bilan statsionar davolanishga yo‘naltirilgan.  O‘z vaqtida qabul qilingan to‘g‘ri qaror natijasida ona va chaqaloqlarning hayoti saqlab qolindi.

Shuningdek, viloyat patronaj xizmatida an’anaga aylangan “Bebbo” mobil ilovasi 451 nafar homilador va yangi tug‘ruqdan chiqqan ayollar mobil qurilmalariga o‘rnatilib, ilovaning imkoniyatlari tushuntirildi.

Xorazmlik patronaj doyalarning ushbu tashabbusi Yangi yil bayrami kunlarida ham inson salomatligi, ayniqsa, ona va bola hayoti ustuvor ekanini amalda ko‘rsatdi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri