Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Patent egasiga to‘lanadigan tovon miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
11:57 / 2024-09-04

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ixtiro, foydali model va sanoat namunasidan patent egasining roziligisiz foydalanilganda, patent egasiga to‘lanadigan tovon miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Ixtiro, foydali model va sanoat namunasidan patent egasining roziligisiz foydalanilganda, patent egasiga to‘lanadigan tovon miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomda: ixtiro, foydali model va sanoat namunasidan patent egasining ruxsatisiz foydalanish tartibi;

sanoat mulki ob’ektidan foydalanish hajmi va davomiyligini belgilash bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish;

patent egasiga to‘lanadigan tovon miqdorini hisoblash va to‘lash tartibini belgilash belgilab berilgan.

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan patent egasining roziligisiz ixtiro, foydali model va sanoat namunasidan foydalanishga ruxsat berilganda, patent egasiga to‘lanadigan tovon miqdorini aniqlash va to‘lash tartibini belgilaydi.

Sanoat mulki ob’ektidan patent egasining roziligisiz foydalanishga vakolatli organ tomonidan davlat mudofaasi va xavfsizligini ta’minlash, tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, fuqarolarning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish bilan bog‘liq so‘nggi zarurat yuzaga kelganda hamda ushbu holatlarni bartaraf etish uchun patent egasining imkoniyatlari (ishlab chiqarish materiallari, uskunalari va boshqalar) mavjud bo‘lmagan taqdirda ruxsat etiladi.

Sanoat mulki ob’ektidan foydalanishga ruxsat, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi ichki bozorining ehtiyojlarini ta’minlash uchun beriladi.

Mazkur Nizom sanoat mulki ob’ektidan majburiy litsenziya asosida foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarga tatbiq etilmaydi.

Sanoat mulki ob’ektidan patent egasining roziligisiz foydalanish huquqi vakolatli organ tomonidan sanoat mulki ob’ektini o‘z ichiga olgan mahsulot yoki buyumni tayyorlash, qo‘llash, sotishga taklif etish imkoniyatiga ega va xohishi bo‘lgan har qanday shaxsga beriladi.

Sanoat mulki ob’ektidan patent egasining roziligisiz foydalanishga ruxsat etilganda, vakolatli organ patent egasini bir ish kuni ichida xabardor qiladi.

Vakolatli organ tomonidan sanoat mulki ob’ektidan foydalanish hajmi, davomiyligi va mazkur Nizomga muvofiq aniqlanadigan patent egasiga to‘lanadigan to‘lov miqdori belgilanadi.

Sanoat mulki ob’ektidan patent egasining ruxsatisiz foydalanish huquqi uni berish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilgan taqdirda yoki sanoat mulki ob’ektidan foydalanish huquqini olgan shaxs tashabbusiga ko‘ra vakolatli organ tomonidan bekor qilinadi.

Sanoat mulki ob’ektidan patent egasining ruxsatisiz foydalanish huquqini olgan shaxs tashabbusiga ko‘ra bunday ob’ektdan foydalanish huquqini bekor qilishda vakolatli organ kamida 10 kun oldin xabardor qilinishi kerak.

Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

 O‘zA