Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pastdarg‘omdagi Qo‘rg‘ontepadan qadimiy tangalar topildi
15:33 / 2024-07-10

Pastdarg‘om – Samarqand viloyatidagi eng yirik tumanlardan biri. Garchi viloyat tarixi, qadimiy obida va muqaddas qadamjolari haqida gap ketganda mazkur tuman bilan bog‘liq ma’lumotlar kam tilga olinsa-da Samarqand shahri yaqinida joylashgani uchun Pastdarg‘omda ko‘plab arxeologik yodgorliklar mavjud. Va ularning o‘tmishi bir necha asrlarga borib taqaladi.

Shu tumanda yashovchi va uning tarixi bilan qiziqib qadimiy qabriston va tepaliklarni o‘rganishga intilayotgan o‘qituvchilar – Akmal Hamroyev va Sharif Saxatov yaqinda Qumariq qishlog‘idagi Qo‘rg‘ontepa arxeologik yodgorligidan aholi tomonidan bir nechta tanga va kulolchilik mahsulotlari parchalari, bronza va boshqa metaldan yasalgan buyumlar topilganiga guvoh bo‘ldilar.

– Oshiq ota mahallasi Qumariq qishlog‘idagi qabriston va qadimiy tepaliklar bilan qiziqib bu yerga kelganimizda ushbu katta arxeologik yodgorlik borligini ko‘rdik, – deydi Akmal Hamroyev. – Shu yerda yashovchi aholi bu joyni Qo‘rg‘ontepa deb atar ekan va uning tarixi bir necha ming yilga borib taqalishini aytishdi. Bu bejiz emas, deb o‘ylaymiz. Chunki, ushbu tepalik yaqinida Do‘rmontepa, Qorovultepa, Munchoqtepa arxeologik yodgorliklari bor va ularning har biri o‘tmishimizning muhim bir bo‘lagi hisoblanadi. Qishloq aholisi bilan suhbatlashganimizda ular ushbu tepalik va uning atrofida dehqonchilik bilan shug‘ullanish jarayonida qadimiy ashyolar topib olganliklarini bildirishdi. Bu topilmalar orasida turli davrlarga oid mehnat va ov qurollari bo‘laklari, tanga, sopol buyumlar bor. Tarixchi va arxeologlar ushbu topilmalarga qarab, bu maskan qadimiy shahar yoki yirik aholi yashash manzili bo‘lganligini taxmin qilishmoqda. Demak, agar tepalik o‘rganilsa, bu yerdan tariximizning muhim sahifalarini o‘qish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.

Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodovning ta’kidlashicha, Pastdarg‘omning tarixi Samarqand shahri tarixi kabi boy va qadimiy hisoblanadi. Bu yerda 70 ga yaqin arxeologik yodgorlik ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning har biri zamirida bir necha ming yillik o‘tmishimiz mujassam.

– Davlatchilik tariximiz uch ming yildan oshadi, – deydi A.Berdimurodov. – Bu arxeologik tadqiqotlar natijasida isbotlangan. Shu bilan birga yana o‘nlab, yuzlab yodgorliklarimiz o‘z tadqiqotini kutib turibdi. Uch ming yil davomida ajdodlarimizdan minglab yodgorliklar, obidalar qolgan. Bugun ular aksariyatining nomi bo‘lsa-da nishoni yo‘q. Aniqrog‘i, ular vayron bo‘lib, tuproq ostida qolib ketgan va bizgacha tepaliklar yetib kelgan. Tepaliklar esa aslida yodgorliklardir. Ular qatida tariximiz yotibdi. Mazkur arxeologik yodgorlik – Qo‘rg‘ontepani ham antik davr yodgorligi deyish mumkin. Bu yerda topilgan ashyolarda o‘rta asrlar, temuriylar davri izlari bor. Aholi bu yerdan tanga, kulolchilik namunalari topganligini aytmoqda. Ashyolarning sifati yuqori va yaxshi saqlangan. Bu esa o‘tishda ushbu aholi yashash manzilining Buyuk ipak yo‘li yoqasidagi yirik shahar yoki qo‘rg‘on bo‘lganidan, hunarmandchilik yaxshi rivojlanganidan dalolat beradi. Arxeologik qazishma ishlari olib borilsa, bu yerdan Pastdarg‘om tarixi bilan bog‘liq muhim ma’lumotlar ayon bo‘lishi mumkin. Lekin o‘rganish olib borilguncha tepalikni asrash kerak, bu yerda har qanday ilmiy tadqiqot, qazishma ishlari tegishli ruxsatnoma asosida, mutaxassislar tomonidan olib borilishi lozim.  

Ha, yurtimizning har bir manzili muqaddas va qadimiy. Faqat uni o‘rganish, tadqiq etish zarur. Uzoq o‘tmishga borib taqaladigan Pastdarg‘om tarixini o‘rganishga ham mutasaddilar e’tibor qaratadilar va bu ish yaqin orada amalga oshishiga ishonamiz.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/sKs3jRyk7-U?si=S4P76e4gfCUajtIi" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

G‘.HASANOV,  

A.ISROILOV (video), O‘zA muxbirlari