Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pastdarg‘omda Mahallabay ishlash markazi faoliyat boshladi
19:10 / 2021-06-03

“Mahallabay” ishlash tizimi orqali mahalliy boshqaruv organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, aholi va tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda ularni samarali hal etishning Samarqand tajribasini amaliyotga joriy etish maqsadida joriy yilning 6 may kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Samarqand viloyatida eksperiment tariqasida mahallabay ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

Mazkur qaror bilan viloyatning Pastdarg‘om, Urgut va Bulung‘ur tumanlarida 1 iyundan boshlab tuman hokimligi ta’sischiligida Mahallabay ishlash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Viloyatning qolgan tuman va shaharlarida esa bunday markazlar 1 avgustga qadar tashkil etiladi.

– Prezidentimiz shu yilning 15-16 aprel kunlari viloyatimizga tashriflari chog‘ida “mahallabay” ishlashda Samarqand tajribasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergan edilar, – deydi Pastdarg‘om tumani mahallabay ishlash markazi direktori Tohir Qosimov. 

– Shundan so‘ng Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov boshchiligida yangi tizimni joriy etish bo‘yicha harakatlar boshlandi va davlatimiz rahbarining qarorida buning huquqiy asoslari belgilab berildi. Shuningdek, qarorda aholining bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbaini yaratish orqali kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish; mahallabay ishlash asosida tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish hamda aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish; tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga, jumladan, ayollar va yoshlarga kredit hamda subsidiyalar olishda ko‘maklashish; tadbirkorlik, hunarmandchilik qilish istagini bildirganlarga zamonaviy asbob-uskunalar hamda mini-texnologiyalar topishda ko‘maklashish; mahalladagi infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal etish choralarini ko‘rish hamda xorijda mehnat faoliyatini yuritish va malaka oshirish istagini bildirgan fuqarolar bilan ishlash markazning asosiy maqsad va vazifalari sifatida belgilandi.

Tumanimizda 45 shtat birligidan iborat, jumladan, 9 nafar apparat xodimi hamda 36 nafar mahallabay ishlovchi inspektor faoliyat ko‘rsatadigan markaz tuzildi. Markaz bino, zamonaviy axborot vositalari bilan ta’minlandi.

Markaz tuzilmasida to‘rtta – mahallalarda tadbirkorlikni, infratuzilmani rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘limlari tashkil etildi. Har bir bo‘limda bir nafardan boshliq va bir nafardan bosh mutaxassis shtati mavjud. Bu vazifalarga bo‘limlar faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib, mutaxassis kadrlar tanlandi. Tumanimizda mavjud 107 mahalla har bir inspektorga uchtadan (bir nafar inspektorimizga ikkita) taqsimlab berilib, ular o‘zlari biriktirilgan hududlarda ish boshladi. 

Inspektorlar ham tanlov asosida, belgilangan tartibda suhbatdan o‘tib, ishga qabul qilindi. Ularni mahallalarga biriktirishda esa imkon qadar o‘z yashash hududlariga yaqinligi inobatga olindi. Sababi ular asosan, mahallalarda, fuqarolar yig‘ini raisining tadbirkorlik va tomorqa masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bilan hamkorlikda ishlaydi, xonadonma-xonadon yurib, aholi bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun o‘rganish ishlari olib borib, bu haqda bizga ma’lumot kiritadi. 

Shundan so‘ng biz aniqlangan muammo va murojaatlarni muvofiqlashtirib, tuman hokimining tegishli o‘rinbosarlari va boshqa mas’ullar bilan birgalikda hal etish chorasini ko‘ramiz. Ya’ni ishsiz fuqaroni kasb-hunarga yoki tadbirkorlikka o‘qitish, uni ishga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratish bo‘yicha ish olib boramiz.

Ayni paytda markaz yil boshidan buyon mahallalarga biriktirilgan doimiy vakillar tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijalari asosida doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan 1798 nafar fuqaro ro‘yxatini mahallalar kesimida tuzib chiqib, yo‘l xaritalari tayyorlamoqda. Ularning qiziqish va intilishlariga mos kasb-hunarga yoki tadbirkorlikka o‘qitish chorasi ko‘riladi, o‘z xonadonida, mahallasida ishlashi uchun imkoniyat yaratib beriladi. Bu fuqarolarga imtiyozli kredit yoki subsidiya ajratish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Xususan, dastlabki bosqichda mahallalarda 256 ta yengil konstruksiyali savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etish orqali aholi bandligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

G‘.HASANOV, O‘zA