Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Past samarali shtat birliklari maqbullashtiriladi
20:44 / 2026-02-05

Qashqadaryo viloyatida mahalliy byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda past samarali va bir-birini takrorlovchi shtat birliklari maqbullashtiriladi. Bundan tejalgan mablag‘lar aholi tomonidan ko‘tarilgan ijtimoiy hamda ishlab chiqarish infratuzilmasiga oid dolzarb muammolarni hal etishga yo‘naltiriladi.

Bu Qashqadaryo viloyati hokimining 2026 yil 28 yanvarda qabul qilingan qarorida belgilangan. Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrdagi mahalliy byudjetlar moliyaviy barqarorligini oshirishga qaratilgan qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Qarorga muvofiq, viloyat va tuman (shahar) darajasida tashkil etilgan ishchi guruhlar tegishli tashkilotlarda o‘rganishlar o‘tkazib, past samarali hamda takrorlanuvchi shtat birliklarini aniqlaydi. Shu asosda tayyorlangan takliflar Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda tegishli idoralarga kiritiladi.

Shuningdek, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida raqamlashtirishni jadallashtirish, byudjet xarajatlarini kamida 20 foizga maqbullashtirish, mahalliy byudjet tashkilotlarining bo‘sh binolari va ijaradan tushayotgan daromadlarini xatlovdan o‘tkazish choralari belgilangan.

Buxgalteriya xizmatlari raqamlashtirilgani va naqd pulsiz hisob-kitoblar joriy etilganini inobatga olgan holda, joriy yil 1 martgacha “g‘aznachi” shtat birliklarini qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Maqbullashtirish natijasida tejalgan mablag‘lar xalq deputatlari Kengashlari qarorlari asosida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolarni hal etishga yo‘naltiriladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri