Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Past rentabelli bino o‘rnida eksportchi xorijiy korxona
15:16 / 2017-04-06

Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiy islohotlarni yanada kengaytirish, davlat mulkini xususiylashtirish, ayniqsa, davlat tasarrufidagi past rentabelli, zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalar, bo‘sh turgan yoki qurilishi tugallanmagan binolarni “nol” qiymatda sotish joriy etilgani xususiylashtirish jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tardi.

Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiy islohotlarni yanada kengaytirish, davlat mulkini xususiylashtirish, ayniqsa, davlat tasarrufidagi past rentabelli, zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalar, bo‘sh turgan yoki qurilishi tugallanmagan binolarni “nol” qiymatda sotish joriy etilgani xususiylashtirish jarayonlarini yangi bosqichga ko‘tardi. Bu xorij investitsiyasini keng jalb etish, ishbilarmonlarning o‘zaro moliyaviy hamkorligini yanada mustahkamlash imkoniyatini kengaytirmoqda.

Navoiy viloyatida ham bo‘sh turgan bino va inshootlardan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlari tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufida bo‘lgan Zarafshon shahridagi past rentabelli bino o‘rnida “Orianna Yarns Tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi chet el korxonasi tashkil etilgani akril ipi ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishda muhim omil bo‘ldi. 4 milliard 500 million so‘m investitsiya kiritish sharti bilan faoliyat boshlagan korxonada 150 ish o‘rni yaratildi.

– Mahsulotimizga talab ortib, ishlab chiqarish hajmi kengaymoqda, – deydi korxona bosh hisobchisi Sh.Ergashev. – Korxonada mehnat qilayotgan ishchilarning aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislardir. Ish uch smenada yo‘lga qo‘yilgan korxonada bir kecha-kunduzda 2 tonna akril ipi ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlarimiz tashqi bozorda xaridorgirligi sabab o‘tgan yili xorijga 60 ming dollardan ziyod qiymatdagi mahsulot eksport qilindi. Joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkichni yanada oshirish rejalashtirilgan.

Korxona joriy yildan Mahalliylashtirish dasturiga kiritilib, qo‘shimcha soliq va bojxona imtiyozlaridan samarali foydalanmoqda. Bu qulayliklar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Xususan, 2017-2018-yillarda bu yerda tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. 1 milliard so‘mlik texnologik loyiha samarasida ip-kalavadan kiyim-kechak ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.

– Kollejni bitirib, o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishlayotganimdan xursandman, – deydi laborant Nodira Mehmonova. – Akril ipini bo‘yashdan tortib, yigirish jarayonlarigacha barchasi to‘liq nazoratga olingan. Har bir bosqichda mahsulot sifati puxta tekshiriladi. Bu ipning sifat standartlariga javob berishi, xaridor talabiga mos kelishida eng muhim omildir.

Muxtasar aytganda, bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarining tadbirkorlarga bepul taqdim etilishi mulkdorlar safini kengaytirish, ishlab chiqarishga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, pirovardida aholi bandligi va farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.