Ispaniya Bosh vazirining bayonoti internetda turli ayblovlar to‘lqinini keltirib chiqardi.
Dushanba kuni bir necha ispan nashri Bosh vazir Pedro Sanches “Isroilning G‘azodagi Hamasga qarshi urushini to‘xtatish uchun atom quroliga ega emasligidan afsusda” ekanini yozib chiqdi.
Masalan, “La Gaceta” maqolasi quyidagi sarlavha bilan chiqdi: Pedro Sanches Isroilning hujumini to‘xtatish uchun yadroviy quroli yo‘qligidan afsuslandi.
Boshqa bir nashr esa “Sanches G‘azodagi genotsidni to‘xtatish uchun yadroviy quroli yo‘qligidan afsus bildiradi” deya xabar berdi.
Hukumat boshlig‘i nutqini diqqat bilan tahlil qilish shundan dalolat beradiki, sarlavhalar mutlaqo noto‘g‘ri emas. Bil’aks, gap noto‘g‘ri talqin qilingan va natijada shov-shuv ko‘tarilgan.
Ispaniya yetakchisi tushuntirishicha, mamlakatda atom bombasi, yirik harbiy aviatashuvchi kema yoki ulkan neft zaxirasi, qo‘ying-ki, harbiy kuch-qudrat yo‘q. Shu bois Ispaniya Isroilning G‘azodagi hujumini to‘xtata olmasligi mumkin. Binobarin, bu umuman harakat qilmaymiz, degani emas. Ba’zan g‘alaba kafolatlanmagan bo‘lsa-da, kurashish kerak.
Shuningdek, Sanches so‘nggi ikki yil bu borada qilingan ishlarni sanab o‘tgan. Masalan, Ispaniya G‘azo aholisiga insonparvarlik yordami ko‘rsatgan, Isroilga harbiy jihoz yetkazib berilishini man qilgan hamda Falastin davlatini rasman tan olgan. Bosh vazir kelgusida yana bir qator choralar ko‘rilishini ham aytgan.
Siyosiy raqiblari Sanchesni shu harakatlari uchun Hamasni qo‘llab-quvvatlashshda ayblaydi. Masalan, muxolif partiya rahbari Santyago Abaskal ijtimoiy tarmoq orqali o‘zgacha talqinda gapirgan: Sanches Ispaniyani emas, Hamasni himoya qilish uchun yadro quroliga ega bo‘lishni xohlaydi.
O‘ng qanot Xalq partiyasi vakili esa vaziyatni yanada murakkablashtirishga uringan: Sanches Tel-Avivga yadro bombasi tashlash niyatidami? U nima demoqchi o‘zi?.
Ba’zi sharhlovchilar ham hukumat rahbarini tanqid qildi. Aslida Pedro Sanches Isroilga yadroviy zarba berishni xohlagan yoki yadro urushiga chaqirgan, mazmunidagi da’volar haqiqatga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Xullas, pashshadan fil yasalgandek...
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IW8B7OhYJHs" title="Pashshadan fil yasalganda..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA