7 dekabr – Xalqaro fuqaro aviatsiyasi kuni
Bugun qaysidir ish bilan safarga otlanmang, masofalarning ahamiyati dolzarb emas, bunda turli transport vositalarining imkoniyati sizni olis masofalarga ham yaxshi kayfiyatda yetkaza oladi. Xususan, “oltin qanot” deya ta’riflar berilgan samolyotlarning ahamiyati yuksak.
7 dekabr dunyoda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu kun 1994 yildan boshlab Chikagoda fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi konvensiyasi imzolanganining 50 yilligi sharafiga nishonlana boshlagan. 1996 yilda esa BMT Bosh Assambleyasi tomonidan "7 dekabrni Xalqaro fuqaro aviatsiyasi kuni deb e’lon qilish" rezolyutsiyasi asosida bu bayram rasman ta’sis etildi.
Xalqaro fuqaro aviatsiyasining maqsadi davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida va hamkorlik orqali insoniyat manfaatini ko‘zlagan holda jahon miqyosidagi tezkor tranzit tarmoqni shakllantirishdir.
1992 yil 12 noyabrdan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi tegishli majburiyatlarni zimmasiga olib, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO)ning to‘liq huquqli a’zosi bo‘ldi.
O‘zbekistonning IKAOdagi faol ishtiroki ushbu tashkilotning O‘zbekiston manfaatlarini inobatga olgan holda siyosat olib borishi hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi xalqaro havo yo‘llarida erkin parvozlarni amalga oshirishda tegishli qarorlarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
Fuqaro aviatsiyasi parvozlarining qulay, xavfsiz va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlovchi dispetcherlar, uchuvchi, muhandis va boshqa ko‘plab soha xizmatchilari shu kuni kasb bayramini nishonlaydilar.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA