Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parvozingiz baland bo‘lsin, bitiruvchi yoshlar!
12:32 / 2025-05-24

Bugun erta tongdan mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Toshkent viloyatidagi 877 ta umumta’lim maktabida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangradi. 2024-2025 o‘quv yili yakunlandi.

Shu munosabat bilan umumta’lim maktablarida “Ilm – eng buyuk sharaf” shiori asosida bayram tantanalari o‘tkazildi. Unda tuman va shaharlar hokimlari, sektorlar, yirik korxona va tashkilotlar rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar hamda jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Jumladan, Nurafshon shahrida joylashgan Vatanparvar bog‘ida Toshkent viloyat hokimi Zoir Mirzayev faollar, nuroniylar bilan birga, 32-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchilarining “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tantanalarida ishtirok etdi. Dastlab, hokim Prezidentimizning yoshlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi va bitiruvchilarga oq yo‘l tiladi.

Shundan so‘ng bitiruvchilar bilan muloqot tashkil etildi. Yoshlarning qiziqishlari, bo‘lim olish va kasb o‘rganish yo‘lidagi intilishlari haqida so‘z yuritildi. Muhimi, davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalangan holda jamiyatga kerakli inson bo‘lib yetishish lozimligi yana bir bor ta’kidlandi. 

[gallery-23553]

Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘qituvchi va o‘quvchilarni bayram bilan tabrikladi, ularning kelgusidagi ish va o‘qishlariga omad tiladi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi maktablarning 11-sinfini jami 35 ming 774 nafar o‘quvchi, xususan, 868 ta umumta’lim maktabni 34 ming 342 nafar, Prezident maktabini 23 nafar, 13 ta ixtisoslashgan ta’lim muassasalarini 524 nafar, 21 ta xususiy maktablarni 885 nafar o‘quvchi bitirdi. Ayniqsa, o‘quv yili yakuni bo‘yicha 11-sinf bitiruvchilari tomonidan 889 ta oltin, 223 ta kumush medallar bilan yakunlayotgani bayram shukuhini yanada oshiradi. 

– Aytish joiz, joriy yilda, o‘quvchilarimizning muvaffaqiyatlari yuqori bo‘ldi,  – deydi Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Mahmud Yuldoshov. – Jumladan, bir necha yuz nafar iqtidorli yoshlar muddatidan oldin talaba bo‘lish sharafini qo‘lga kiritdi. 75 nafari bir qator OTM grantlarini oldi. Mingdan oshiq o‘quvchilar dunyo standartlariga javob bera oladigan tanlovlarda ishtirok etib, turli sertifikatlarga ega bo‘ldi. Bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotida milliy yuksalish davri boshlanmoqda. Ayniqsa, ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor berilayotgani e’tirofga loyiq. Birgina o‘tgan yilining o‘zida viloyatimizda 70 dan oshiq maktablarda qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Undan tashqari umumta’lim maktablariga zamonaviy kompyuterlar, komplekt robototexnika jihozlari va boshqa zarur ashyolar yetkazib berildi.

“Barkamol avlod” bolalar maktablari, bolalar va o‘smirlar sport maktablarida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Viloyat yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni kuchaytirish, ularni adabiyot, san’at va sport to‘garaklariga faol jalb etish bo‘yicha izchil ish olib borildi va bu ishlar izchil davom etmoqda.

Umuman olganda, joylarda tashkil etilgan bayram tadbirlarida ham xavfsizlik va osoyishtalikni ta’minlash maqsadida viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda zaruriy choralar ko‘rildi. “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida davlatimiz rahbarining bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigini yetkazish va bitiruvchilarni qutlash uchun barcha mas’ullar jalb etildi.

Abdulaziz Musayev, O‘zA.