O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan «Parvozga intilgan qalb» nomli ko‘rgazma ochildi.
Mazkur loyiha Galereyaning ko‘p yillik an’analari izchil davomi sifatida turli avlodga mansub ayol ijodkorlarni yagona ekspozitsion makonda birlashtiradi. Ko‘rgazma konsepsiyasi ayol rassom shaxsiyatini yangicha talqin etishga qaratilgan: u nafaqat ilhom manbai yoki estetik timsol, balki fikrlovchi, tahlil etuvchi va yangi badiiy shakllar yaratuvchi mustaqil ijodiy shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘tgan yilgi ko‘rgazmada ayol obrazi asosan Milliy bank to‘plamidagi asarlar orqali badiiy timsol sifatida namoyon etilgan bo‘lsa, joriy ekspozitsiyada e’tibor to‘liq ayol rassomlarning o‘ziga qaratilgan. Unda ayol nafaqat tasvir mavzusi, balki bevosita muallif sifatida o‘z ichki dunyosi, dunyoqarashi va shaxsiy badiiy izlanishini namoyon etadi.
Ekspozitsiya bahor faslining yangilanish ruhi bilan uyg‘unlashtirilgan. Jumladan, ranglar, plastika va kompozitsion yechimlar orqali ichki erkinlik, ruhiy harakat va transformatsiya g‘oyalari namoyon bo‘ladi.
Ko‘rgazma turli avlod va yo‘nalish vakillarini yagona g‘oya — “ijodiy parvoz” atrofida uyg‘unlashtiradi. «Parvoz» timsoli ijodiy tafakkurning yuksalishi, ma’naviy kengliklarga intilish va yangi umidlar ruhini ifodalaydi.
[gallery-28004]
Bu safar konsepsiyaning markazida ayol ijodkorning intellektual va falsafiy qarashlari maydonga chiqadi, har bir asar shaxsiy fikr va izlanishlarning badiiy ko‘rinishiga aylanadi.
Ko‘rgazma ishtirokchilari tanlovi ham konseptual yondashuv asosida amalga oshirilgan. Ekspozitsiyada turli uslub va badiiy qarashga ega, zamonaviy tafakkur va individual izlanish ruhi bilan ajralib turadigan ijodkorlar jamlangan.
Xususan, rangtasvir yo‘nalishida Florida Gambarova, Shahnoz Abdullayeva, Dilorom Mamedova, Li Safi Mariya, Tatyana Fadeyeva, Viktoriya Troshina, Sarvinoz Qosimova va Darya Sarbash asarlari namoyish etilgan bo‘lib, ularda rang hissi, obrazli tafakkur va shaxsiy uslub uyg‘unligi kuzatiladi.
Grafika sohasida Tatyana Lining ishlari chiziq va fazo munosabatini nafis plastik yechimlar orqali ochib beradi.
Haykaltaroshlik bo‘limida Lyudviga Nesterovich asarlari hajm va ichki dinamika uyg‘unligi bilan ajralib turadi. Dekorativ-amaliy san’at yo‘nalishida esa Rimma Gazaliyeva, Nazira Kuziyeva va Annel Ulumbekovalarning yangi asarlari taqdim etilgan.
«Parvozga intilgan qalb» ko‘rgazmasi ayol ijodkorlarning badiiy dunyosidagi ko‘pqirralilik, shaxsiy izlanish va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligini namoyon etuvchi muhim madaniy hodisa sifatida ahamiyat kasb etadi.
Ko‘rgazmada 100 dan ortiq asar jamlangan bo‘lib, ular tomoshabinlarni bahor nafosati, ilhom va nozik estetik muhitga chorlaydi.
Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA