English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Parvoz” – yoshlar iste’dodini ko‘rsatuvchi ijodiy maydon
10:43 / 2024-06-29

O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida 30 iyun - Yoshlar kuni va “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”ga bag‘ishlangan "Parvoz" nomli ko‘rgazma ochildi.

O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi direktori, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Kamola Akilova, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari Farhod Toshmuhamedov, S.A.Gerasimov nomidagi  Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkent filiali rektori Eldor Yo‘ldoshev, SHHTning O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov  va boshqalar bugun har qachongidan ham yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini e’tirof etdi.  

“Parvoz” ko‘rgazmasi Galereyaning an’anaviy davriy yoshlar ko‘rgazmasidan sezilarli darajada farq qiladi. Ko‘rgazmaning asosiy vazifasi san’atning an’anaviy mumtoz tushunchasi va yangi shakllar o‘rtasida o‘zaro muloqotni shakllantirishdir. Ko‘rgazmadan maqsad zamonaviy san’atdagi turli yo‘nalishlar bo‘linishini bartaraf etish, turli estetik platformalar vakillari o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yishdir.  

[gallery-18052]

Ko‘rgazmada O‘zbekiston Badiiy akademiyasi stajyorlari, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Toshkent kimyo xalqaro universiteti, S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya universitetining Toshkent filiali, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti talabalari ishtirok etmoqda.  

Bu ko‘rgazma ijodkorlarning yangi avlodi dunyoqarashini  ko‘rish, shuningdek, tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston yoshlar san’ati ko‘rgazmasini turli yo‘nalishlarda namoyish etish imkonini berdi.  

Ko‘rgazmada har bir rassom va har bir universitetga alohida zal ajratilgan bo‘lib, bu imkoniyat yosh rassomlarning kelajakda yanada jadal ijod qilishlari uchun rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.  

Ulkan ijodiy salohiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston yoshlari yangi hayot qurayotgan mamlakat manfaati uchun o‘zlarini bor iste’dodlarini ishga solishga tayyor. Ular har kuni tasviriy san’atdagi o‘z mahoratlarini oshirish bilan bir qatorda, O‘zbekistonning zamonaviy san’atida munosib o‘ringa ega bo‘lib kelmoqdalar.

Ko‘rgazmada rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, eksperimental san’at turlari, installyatsiyalar, video-art, fotosuratlar, me’moriy loyihalar, libos dizayni, filmlar va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ijod namunalari bilan tanishish mumkin. Barcha asarlar so‘nggi 2 yil ichida yosh mualliflar tomonidan yaratilgan.  

Ko‘rgazma davomida yosh iste’dodlar e’tirof etildi va eng yaxshilari turli nominatsiyalar bo‘yicha diplomlar bilan taqdirlandi. Ular orasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining yosh o‘qituvchisi Dilbek To‘xtaqulov ham bor.

– Bu ko‘rgazmada tarixiy shaxslar gavdalantirilgan turkum kartinalarim bilan qatnashayapman, – dedi D.To‘xtaqulov. – Ularni yaratishda turli badiiy, tarixiy asarlarni puxta o‘qib chiqishga to‘g‘ri keldi.  Kelgusida bu mavzuda yana yangi-yangi asarlar yaratish niyatim bor.  

Shuni ham aytish kerakki, 2023 yilning 19 sentyabrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali talabalari tomonidan suratga olinadigan 5 ta qisqa metrajli filmlar uchun senariylar tanlovi o‘tkazilgan. Tanlovda g‘olib deb topilgan 5 ta loyiha bo‘yicha filmlarni ishlab chiqarish uchun grant mablag‘i ajratilgan.

Ushbu loyihani amalga oshirishdan asosiy maqsad Toshkent shahrida S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali talabalariga nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, kino maydonlarda o‘zlarining tajriba va malakalarini oshirish, ijodiy faoliyat bilan bevosita shug‘ullanishlariga sharoit yaratib berish orqali kinematografiya sohasida istiqbolli kadrlarni yetishtirishdan iboratdir.

“Yoshlar oyligi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘magida Toshkent shahrida S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali talabalari tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlarning premerasi ham bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, tadbirda talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, yoshlarga davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlar va sharoitlar haqida so‘z yuritildi.  

Tadbirda S.A.Gerasimov nomidagi BDKI filiali talabalari tomonidan saratga olingan “Konduktor”, “Bezori” va “Kimono” nomli qisqa metrajli filmlarning ilk premeralari tashkil etildi.

Premeradan so‘ng filmlarning g‘oyasi, ijodkorlarning yutuq va kamchiliklari muhokama qilindi. Shuningdek, “Konduktor” qisqa metrajli filmining operatori Umid Malikov “Eng yaxshi operatorlik ishi”, “Bezori” qisqa metrajli filmi rejissyori Mo‘minjon  Ismatillo “Eng yaxshi rejissyorlik ishi” va “Kimono” qisqa metrajli film mualliflari Sanjar Murodshayxov va Donyor G‘aniyevlar “Eng yaxshi ssenariy mualliflari” sifatida e’tirof etildi.

Loyiha doirasida Yoshlar kuniga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ham tashkil etildi. Ko‘rgazmada yigirma nafar Toshkent shahridagi S.A.Gerasimov nomidagi BDKI filiali iqtidorli talabalarining 60 ga yaqin fotoasarlari namoyish etildi. Ularda mamlakatimizdagi ulkan o‘zgarishlar, barkamol avlod kelajagi yo‘lidagi g‘amxo‘rlik, ko‘plab an’ana va qadriyatlarning qayta ko‘z ochgani, fayzli va obod mahallalar manzaralari aks ettirilgan. 

– Ko‘rgazmada “Bezori” nomli qisqa metrajli film bilan ishtirok etmoqdaman, – dedi Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkent filiali 3-bosqich talabasi Mo‘minjon Ismoilov. – Filmda o‘quvchisining holati, kayfiyati, o‘z xatolarini kelgusida anglab, uni tuzatishga harakat qilishi aks ettirilgan.  

Darhaqiqat, 28 iyulga qadar davom etuvchi ushbu “Parvoz” nomli ma’rifiy loyiha yoshlar ijodini batafsil tanishtirishi, ularning o‘z sohasining yetuk vakillari bilan muloqot o‘rnatishi,  maslahat va yo‘l-yo‘riqlar olishga imkon yaratishi bilan diqqatga sazovor.    

Nazokat Usmonova,  

Rustam Nazarmatov (suratlar),

O‘zA