French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parvoz Elmirzayev: o‘qituvchi maktabga kelar ekan, barcha g‘am-tashvishlarini ortga tashlab kelishi kerak
23:27 / 2025-09-27

— Ustoz, hammamiz talaba bo‘ldik!

— Zo‘r bo‘libdiku, yaratganga shukur mehnatlarimiz zoye ketmabdi!..

Yarim tundagi bu xabardan ustozning ko‘zlariga quvonch yoshlari qalqdi. Xabarni yo‘llaganlar Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Ravot qishlog‘idagi 50-maktabning matematika fani o‘qituvchisi Parvoz Elmirzayev tayyorlagan 17 nafar 11a-sinf o‘quvchilari edi. Joriy yilda ularning barchasi davlat oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirib, talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi.

Tumanning olis va chekka hududidagi qishloqda joylashgan 50-maktab va uning tajribali pedagoglar jamoasining nafaqat tumanda balki butun viloyatda o‘ziga xos o‘rni bor. Chunki maktabda ta’lim, tarbiya va tartib birinchi o‘ringa qo‘yilgan. U yerda Parvoz Elmirzayev kabi o‘nlab, tajribali o‘qituvchilar dars beradi.

1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan material tayyorlashni ko‘ngilga tugar ekanmiz, shov-shuvlarga sabab bo‘lgan o‘sha Ravot qishlog‘idagi 50-maktab sari yo‘l oldik.

Manzilga yetib borar ekanmiz, o‘rganib qolganimiz o‘quvchilarning shovqiniga to‘la maktabning aksini guvohi bo‘ldik. Hamma yoq suv qo‘ygandek jimjit.

Binoga kiraverishda turgan ayoldan matematika o‘qituvchisi Parvoz Elmirzayevning xonasini so‘raymiz. Ikkinchi qavatda ekanini aniqlagach, to‘g‘ri chiqib bordik.

Istarali, yuziga doim tabassum yugurib turuvchi, o‘rta yoshli o‘qituvchi o‘quvchilardan test olayotganini ta’kidlarkan peshvoz chiqdi. Bu Parvoz Elmirzayev edi.

Darsini tamomlagach, biroz suhbatlashdik. Tayyorlayotgan o‘quvchilarining ijobiy natijalari va bunga qanday erishayotgani bilan qiziqdik.

[gallery-25500]

— O‘qituvchi maktabga kelar ekan, barcha g‘am-tashvishlarini ortga tashlab kelishi kerak. Bitta maqsad faqat yosh avlodga sifatli ta’lim-tarbiya berishni o‘ylashi kerak, — deydi Parvoz Elmirzayev. — O‘quvchilarim bilan doim samimiy gaplashaman, lekin qattiqqo‘lligim ham bor. O‘quvchining yuqori ko‘rsatkichga erishishi uning oiladagi tarbiyasiga ham bog‘liq. Agar bola tarbiyali bo‘lmas ekan, u bilan shug‘ullanish juda murakkablashadi. Natijaga erishish qiyinlashadi. Shu bois tarbiya juda muhim. Masalan, maktabimizda o‘quvchilar 9-sinfni tamomlagach, saralaymiz. Kasb-hunarga qiziquvchilarni hunar o‘rgatadigan o‘rta-maxsus ta’lim yo‘nalishlariga jo‘natamiz, oliy ta’limda o‘qishni davom ettirishni maqsad qilganlarni esa olib qolamiz. Shuning uchun o‘quvchilarimizning oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi yuqori.

— O‘qituvchilik kasbi haqiqatda sharafli kasb, ularni bejizga qalb me’mori deyishmagan. Lekin o‘tgan davrning qaysidir yillarida ularning obro‘yi biroz pasaygan paytlar ham bo‘ldi. Pedagog sifatida hukumat tomonidan o‘qituvchilarga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlar haqida nima deya olasiz?

— Rosti, 2000 yilda shu maktabda matematika fani o‘qituvchisi sifatida ish boshlagan bo‘lsam, bitiruvchi sinf o‘quvchilari orasida kamdan-kam pedagogika yo‘nalishini tanlaganlar bo‘ldi, — deydi P.Elmirzayev. — 2015 yilgacha tayyorlagan shogirdlarimdan bor yo‘g‘i 3 nafari o‘qituvchi bo‘lib yetishdi. Endi bugungi kun bilan qiyoslasam, masalan, shu yilning o‘zida o‘qishga kirgan shogirdlarimning 13 tasi o‘qituvchilik kasbiga qiziqdi. Bu bilan nima demoqchiman, bugun hukumatimiz tomonidan ta’lim-tarbiya sohasiga qaratilayotgan e’tibor va imkoniyatlarni nafaqat o‘qituvchilar, balki o‘quvchilar ham his qilishmoqda, anglamoqda. Negaki ayni kunda o‘z sohasini mukammal o‘zlashtirgan milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilar, bir stavka dars bilan ming dollardan oshiqroq oylik maosh olishi mumkin. Eng muhimi bu daromad bilan bugungi bozor iqtisodiyoti davrida yaxshi yashashi, zamonaviy uy-joy qurishi, mashina minishi mumkin. Masalan, o‘zim shunday o‘qituvchilar qatoridaman.

Darhaqiqat, yaqindagina davlatimiz rahbari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida o‘qituvchi va murabbiylar bilan qilgan muloqotida ham ularning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha qator tashabbuslarni bildirdi.

Xususan, 15 yil stajga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab berilishi, davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining shartnomasi summasiga 30 foiz chegirma berilishi, o‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishi, pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi 2 karra kamaytirilishi kabi tashabbuslar aytish joizki, butun mamlakat o‘qituvchilarini ruhlantirib yubordi.

Parvoz Elmirzayev ham ta’lim sohasida yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan, tajribali pedagoglardan. O‘z sohasida milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan, oliy toifaga erishgan. 25 yillik faoliyati davomida u tayyorlagan o‘quvchilar bugungi kunda mamlakatimizdagi nufuzli oliygohlarni tamomlab, jamiyatning turli jabhalarida faoliyat yuritmoqda.

— Matematika — fanlarning ichida shoh degani bejiz emas, — deydi Parvoz aka. — Bu fanni hamma bilishi kerak. Agar traktorchi matematikani yaxshi bilsa, u haydagan yerdan ikki marta ko‘p hosil olish mumkin. Bu fakt. Injener ham, IT chi bo‘lsangiz ham, fizik yoki kimyogar bo‘lsangiz ham matematikani bilish talab etiladi. Shuning uchun har bir sohada matematika kerak. Har bitta darsimni hayotiy misollarga bog‘layman. Matematikani yaxshi bilgan o‘quvchi boshqa fanlarni ham yaxshi o‘zlashtiradi. Hayotda qoqilmaydi.

Darhaqiqat, Parvoz Elmirzayevning pedagogika sohasidagi 25 yillik kamtarona mehnatlari hisobga olinib, davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bu yutuq nafaqat Parvoz Elmirzayevni, balki butun maktab jamoasini mamnun qildi.

— Hamkasbimizning yutuqlaridan juda quvondik, — deydi 50-maktabning oliy toifali ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Chamangul Egamova. — Men ham shu dargohda 2013 yildan buyon faoliyat yuritaman. Biz kabi yosh o‘qituvchilarga Parvoz akaning erishgan natijalari motivatsiya beradi. Sohani chuqurroq egallashga, o‘quvchilarga yanada sifatli tarbiya berishga undaydi.

— Davlatimiz rahbari tomonidan menga berilgan mukofot nafaqat menga, balki butun qashqadaryolik o‘qituvchilarga bo‘lgan e’tiborning yuksak namunasi deyish mumkin, — deydi P.Elmirzayev. — So‘nggi yillarda maktab darsliklari tubdan isloh qilindi. Variativ va tanlov sinflari tashkil etildi. Ya’ni maktab o‘quvchilari o‘zi tanlagan yo‘nalishga qarab fanlarni tanlash imkoniga ega bo‘ldi. Masalan, iqtisod yo‘nalishini tanlagan o‘quvchiga faqat matematika va ingliz tili fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. Keyingi yillarda bitiruvchi o‘quvchilarimiz 100 foiz o‘qishga kiryapti. Buning ortida mehnat va o‘qituvchilarga berilayotgan imkoniyatlar turibdi. Berilgan davlat mukofoti sharaf albatta, lekin bu katta mas’uliyat ham yuklaydi. Faoliyatim davomida bildirilgan e’tibor va yuklatilgan mas’uliyatga, kelajak avlodni sifatli o‘qitish hamda yanada yuqori natijalarni qo‘lga kiritish orqali oqlashga harakat qilaman.  

Maktab ostonasidan ilk qadam bosib kelgan o‘quvchi oq qog‘oz kabidir. Bu qog‘ozga nimani va qanday yozish o‘qituvchiga ko‘p jihatdan bog‘liq. O‘quvchining keyingi taqdirida maktabda olgan bilimlari esa juda ahamiyatli. Shunday ekan sharafli kasb egalarini bayram bilan tabriklagan holda, mashaqqatli va mas’uliyatli ishlarida muvaffaqiyat tilaymiz.

Bayramingiz muborak bo‘lsin aziz ustozlar!

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari