Ma’lumki, tegishli qonunchilikka muvofiq, 2025 yilning 1 iyunidan boshlab mamlakatimizda “Faol hayotga qadam” dasturi amaliyotga joriy etildi. Ushbu dastur parvarishga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning hayot sifatini yaxshilash hamda oilalarga ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda ko‘mak berishga qaratilgan.
Dastur doirasida 18 yosh va undan katta bo‘lgan, Bartel va Lauton shkalalari bo‘yicha parvarishga muhtojlik darajasi 0 dan 62 ballgacha baholangan shaxslar ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega. Mazkur dastur asosida yo‘lga qo‘yiladigan ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlarining bir qismi vaucher orqali qoplab beriladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, vaucher shakllantirishda shaxsning o‘zgalar parvarishiga muhtojlik darajasi Bartel va Lauton shkalalari bo‘yicha 0–62 ball oralig‘ida bo‘lishi, oilaning ijtimoiy xizmatga ehtiyoji mavjudligi, xizmatdan foydalanuvchi bilan birga yashab, unga qarab turuvchi mehnatga layoqatli shaxsning uch oy ichida band bo‘lish, ta’lim olish yoki kasb-hunarga o‘qish majburiyatini olgan bo‘lishi, qarab turuvchi shaxsning Ijtimoiy reyestrga kiritilgan bo‘lishi kabi talablar inobatga olinadi.
Vaucherning subsidiya tariqasida to‘lanadigan qiymati (1 soat uchun) tizim tashkilotlarida — 10 300 so‘m, tuman markazlarida — 12 360 so‘m, viloyat markazlarida — 16 068 so‘m hamda Toshkent shahri hududida — 18 540 so‘m etib belgilangan.
Shuningdek, vaucher talablariga mos kelmagan shaxslar ham xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot yoki shaxs bilan kelishilgan narxlarda ijtimoiy xizmatlardan foydalanishlari mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA