Nukusda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashkil topganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi vakillari, faxriylar, Jo‘qorg‘i Kenges hamda mahalliy kengash deputatlari, “Yoshlar qanoti” va “Ayollar qanoti”, partiya faollari hamda yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir hunarmandlar va yosh iqtidor egalarining tasviriy san’at ko‘rgazmalari hamda yosh baxshilarning milliy qo‘shiqlari bilan ochildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bu yil “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashkil topganiga 30 yil to‘ldi. 1995 yilning 3 iyun sanasida tashkil etilgan partiya dastlabki vaqtlardanoq xalq orasida “Ziyolilar partiyasi” deb atalgan edi. Partiya bugun ham ana shu nomga munosib bo‘lishga harakat qilmoqda.
Hozirgi vaqtda “Milliy tiklanish”ning O‘zbekiston bo‘yicha 770 ming nafardan ziyod a’zosi bo‘lib, Yangi O‘zbekiston islohotlari davrida partiya g‘oyalariga bo‘lgan qiziqish kuchaydi. 2024 yilgi saylovlar yakuni bo‘yicha mahalliy kengashlarga 1 ming 800 nafar vakil saylangani ham g‘oya va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlovchilar doirasi kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda partiyaning Qoraqalpog‘istondagi a’zolari soni 51 ming 130 nafarga yetgan bo‘lsa, boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni 680 dan iborat. Shuningdek, partiya 2024 yilning 27 oktyabrida parlament va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovda faol ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Senatiga 1 nafar a’zo, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga proporsional saylov shakli bo‘yicha 2, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga 9 hamda shahar va tuman Kengashlariga 63 nafar deputat saylandi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘tgan yillar davomida partiya siyosati qat’iylashganligini, islohotlarga bo‘lgan qarashlari, ertangi kunga bo‘lgan munosabatlari o‘zgarganligini qayd etdi. Shuningdek, saylovchi talabidan kelib chiqib, deputatlar zimmasidagi vazifalar kuchaydi, parlamentda ham, mahalliy kengashlarda ham deputat tom ma’noda xalq vakili bo‘lishi shart degan haqiqiy talab partiya faoliyati asosiga aylanmoqda.
Tadbir so‘ngida partiya faxriylari hamda faollari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbir