Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Partiyaning faxriy a’zolari ko‘klam faslida sayohatga chiqdi
16:02 / 2022-03-17

“Navro‘z” umumxalq bayrami oldidan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat kengashi faxriy a’zolar va mahalliy kengashlar deputatlari uchun Sherobod tumanidagi diqqatga sazovor joylarga sayohat uyushtirdi.

Sayyohlar dastlab tumandagi Chig‘otay mahallasidagi baland tepalikda joylashgan Hazrati Axtam ziyoratgohida bo‘lib, shu zaminda yashab o‘tgan aziz avliyolar ruhiga Qur’on tilovat qildi. Ziyoratgoh mutasaddisi bu go‘shaning tarixi haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shundan so‘ng partiyaning faxriy a’zolari va deputatlar Sulaymon ota qadamjosi bilan ham yaqindan tanishdi. Bu go‘shalarda keyingi yillarda sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan qiziqdi.

Sherobod tumanidagi qadimgi Bug‘ qishlog‘ida yashagan islom olamining buyuk muhaddisi Iso Termiziy majmuasini ziyorat qilgan sayyohlar bu yerda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Qayta rekonstruksiya qilingan maqbara va yangidan barpo etilgan zamonaviy machit va uning kutubxonasi bilan tanishdi.

– Mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi partiyaning Surxondaryo viloyat kengashi raisi o‘rinbosari U.Xo‘jaqulov. – Shunga muvofiq, vohaning boy turistik salohiyati bilan safdoshlarimizni, partiya faollari va faxriy a’zolarni tanishtirib borish uchun reja ishlab chiqqanmiz. Bahor bayrami oldidan tashkil etgan ilk sayohatimizga nuroniylar va faol deputatlarimizni taklif etdik. Shu bahona tumandagi muqaddas qadamjolarda ziyoratchilar uchun yaratilayotgan sharoitlarni ham o‘rganyapmiz.

Partiyaning faxriy a’zolari va mahalliy kengashlardagi deputatlar vakillari majmuadagi majlislar zalida davra suhbati tashkil etib, huquqshunoslik, tabiatshunoslik, tabobat, ilmu nujum, tilshunoslik, axloq va boshqa ko‘plab sohalarda asarlar yaratgan ulug‘ Vatandoshimiz Abu Iso at-Termiziy hayoti va faoliyati haqida fikr almashdi.

Majmua mutasaddisi I.Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, Iso Termiziyning oilasi va ota-onasi haqida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilmagan. Tarixchilar uning “Bobom asli marvlik edi, u kishi Lays ibn Sayyor zamonida yashagan, so‘ng u yerdan Termizga ko‘chib kelgan”, degan fikrini keltirish bilan cheklanadi. Bolalikdan o‘ta tirishqoq va zukko bo‘lgan Iso Termiziy ilm-fanga qiziqishi sababli o‘z davrining ko‘pgina ilmlari, shu jumladan, hadis ilmini chuqur egallagan. Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida yashagan mashhur ulamo va muhaddislar asarlarini qunt bilan o‘rgangan. Qo‘shni Balx va Hayraton shaharlaridagi ilm ahllari bilan ilmiy aloqalar o‘rnatilishiga munosib hissa qo‘shgan. Yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safar qiladi. Jumladan, Makka va Madina, Iroq va Xurosonning yirik shaharlarida ko‘plab muhaddis, ulamolar bilan muloqotda bo‘lib, ta’lim oladi, ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Payg‘ambar alayhissalom hadislarini to‘playdi.

Davra suhbatida ulug‘ allomaning asarlari va ularning bugungi yoshlarni tarbiyalashdagi ahamiyati xususida ham so‘z yuritildi. Qiziqarli bahs va savol-javoblar barchaga manzur bo‘ldi.

– Sayohat taassurotlarga boy bo‘ldi, – deydi partiya faxriy a’zosi A.Xolmirzayev. – Yoshim 75 da. O‘tgan tuzumda partiya topshirig‘i bilan Hazrati Axtam va Iso Termiziy ziyoratgohlariga kelganman. O‘shanda Hazrati Axtam ziyoratgohi mana shu tepalikda xaroba bo‘lib yotgan edi. Iso Termiziy maqbarasini quyuq chakalakzor o‘rab olgan. Shundan so‘ng qayta kelmagan ekanman. Bu go‘sha ham obod maskanga aylanibdi. Iso Termiziy majmuasida bir necha marta bo‘lganman. Hamisha odamlar bilan gavjum. Ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklardan qalbim quvonchga to‘ladi.

Majmuada sayohatchi safdoshlarga partiyaning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA