French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Partiyaning beg‘araz donorlik aksiyasi
10:59 / 2025-06-10

2005 yil may oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalqaro Assambleyasida dunyo davlatlari sog‘liqni saqlash vazirlari yakdillik bilan beg‘araz qon donorligini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi taklifni ma’qullagan edi.

Shundan buyon har yili 14 iyun – Butunjahon donorlar kuni sifatida keng nishonlanadi. Mamlakatimizda ham mazkur sanaga bag‘ishlangan turli tadbirlar, xayriya aksiyalari o‘tkazish an’anaga aylangan.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan donorlik aksiyasi Davlatobod tumanida joylashgan viloyat qon quyish markazidan boshlandi. Bu xayrli yumush avvalo, qonga muhtoj bemorlar, xususan bolalarga hayot bag‘ishlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Aksiyaning dastlabki kunida viloyatning turli hududlaridan kelgan yetmishdan ziyod ko‘ngillilar ishtirok etdi. Xayrli tadbirni uyushqoqlik bilan o‘tkazishda partiyaning viloyat kengashi xodimlari hamda To‘raqo‘rg‘on, Davlatobod, Uchqo‘rg‘on, Norin, Kosonsoy, Chust, Yangi Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari kengashlari raislari faollik ko‘rsatdi.

Donorlik aksiyasida faol ko‘ngillilar sifatida, Yangiqo‘rg‘on tumani Dehqonobod mahallasida yashovchi Ahmadullo Qozoqov va Ilhomjon Xolmirzayev birinchilardan bo‘lib qon toshirdi.

– Yordamga muhtoj insonlar taqdiriga befarq bo‘lmaslik, xalqimizning eng ulug‘ fazilatlaridan. Bunday savobli ish har bir insonning qalbida ezgulik va bag‘rikenglik tuyg‘ularini shakllantiradi, bir-biriga nisbatan mehr uyg‘otadi, – deydi Mingbuloq tumanidan kelgan Ilhomjon Oripov. – Yaxshi niyatda qon topshirdim, bu bilan kimgadir, albatta, manfaatim tegadi. Shuning o‘zi menga quvonch bag‘ishlaydi. 

“Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostidagi beg‘araz donorlik aksiyasining navbatdagi bosqichi viloyat qo‘riqlash boshqarmasida bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning Namangan shahri kengashi hamda qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari faol qatnashdi.

Yangi Namangan tuman hududiy elektr tarmoqlarida o‘tkazilgan ko‘chma donorlik aksiyasi hamjihatlik bilan o‘tkazildi. Dastavval, viloyat qon quyish markazi mutaxassislari tadbir ishtirokchilariga qon topshirishning inson salomatligiga ta’siri hamda odamiylik jihatidan ahamiyati xususida to‘xtaldi. 

Pop tumanidagi Mirishkor mahallasidagi harbiy qismda “Adolat” SDP tuman kengashi tashabbusi bilan uyushtirilgan qon topshirish aksiyasida jasur yigitlar ishtirok etib, shifo maskanlarida davolanayotgan bolalar uchun beg‘araz donorlik yordamini ko‘rsatdi.

Ayni kunga qadar Namangan viloyati bo‘ylab o‘tkazilgan donorlik aksiyasida 179 nafar xayrixoh qatnashib, tibbiy tahlildan o‘tgan 91 nafar donordan 44 litrdan ziyod hayot tomchisi yig‘ildi. 

Bunday xayrli tashabbuslar jamiyatda insonparvarlik, ijtimoiy mas’uliyat, saxiylik va birdamlik tuyg‘ularini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.