English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Partiyalar manfaat va maqsadlar mushtarakligida jamiyatning siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarishga intiladi
22:13 / 2023-11-01

1 noyabr — O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP) tashkil topgan kuni

 Mamlakatimizda siyosiy partiyalar fuqarolarning qarashlari, manfaat va maqsadlar mushtarakligi asosida tuzilgan bo‘lib, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyatning muayyan qismi siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarishga intiladi. Shuningdek, maqsad yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashadi.

Yurtimizdagi faollar guruhi 1991 yil 14 sentyabr kuni  o‘tish davrida ijtimoiy yordam va himoyaga muhtoj aholi, guruhlari manfaatlarini ifoda etib, ilgari suruvchi partiyani tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.

Shu tariqa 1991 yil 1 noyabr kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining I Ta’sis Qurultoyi tashkil etildi va partiya Ustavi hamda Dasturi qabul qilindi. Yangi tashkil topgan partiyaning Markaziy Kengashi birinchi kotibi etib Mahmudjon Rasulov saylandi.

Haftasiga uch marta o‘zbek tilida chop etiladigan «O‘zbekiston ovozi» gazetasi partiyaning markaziy bosma nashriga aylandi. 1992 yil 5 martga kelib, partiyaning rus tilidagi haftalik «Golos Uzbekistana» gazetasi chop etila boshladi.

1991 yil dekabr oyida partiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olindi. Oy oxiriga kelib partiyani tashkiliy rasmiylashtirish va uning hududiy tashkilotlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida hamda mamlakatdagi barcha tuman va shaharlarda tashkil etish jarayoni yakunlandi.

1992 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, partiya safida 347,7 ming a’zo bo‘lgan va ular 11,3 ming boshlang‘ich tashkilotiga birlashgan edi.

Keyin esa XDPning II qurultoyi 1994 yil 1 noyabrda bo‘lib o‘tdi. Qurultoy O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining 1994 yil dekabr oyida mustaqil O‘zbekistonda Oliy Majlis va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga ilk o‘tkazilgan ko‘p partiyaviylik saylovida ishtirok etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Unda partiyaning saylovoldi platformasi qabul qilinib, ustaviga O‘zbekiston XDP deputatlik birlashmalarini shakllantirish va vakillik davlat hokimiyati organlaridagi faoliyati tartibini belgilash bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritildi. Partiya Markaziy Kengashi birinchi kotibi etib esa Abdulhofiz Jalolov saylandi.

Saylov yakunlari bo‘yicha ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesida, barcha xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, barcha tuman va shaharlar Kengashlarida partiya guruhlari tashkil etildi.

Keyinchalik – 1999 yil 8 oktyabrda O‘zbekiston XDPning III qurultoyi bo‘lib o‘tdi va uning ustuvorliklarini aniqlashtiruvchi yangi Dastur qabul qilindi.

Qurultoy partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va mahalliy davlat vakillik organlariga navbatdagi saylovdagi ishtiroki to‘g‘risida hamda 2000 yil yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘p partiyaviylik asosida ilk bora o‘tkazilgan saylovda ishtiroki to‘g‘risida qaror qabul qildi.  O‘shanda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi birinchi kotibi Abdulhofiz Jalolov partiyadan Prezidentlikka nomzod etib ko‘rsatilgan edi.

Partiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini ikki palatali parlamentga aylantirish masalalari bo‘yicha referendum o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlab chiqdi va 2004 yil 4 noyabrda Markaziy Kengash Ijroqo‘mi bayonot qildi. Unda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakatning siyosiy hayotida so‘l qanotni egallaydi va bozor sharoitlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj ijtimoiy guruhlar hamda aholi qatlamlari himoyachisi sifatida maydonga kelganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining navbatdagi IV qurultoyi 2004 yil 6 noyabrda  bo‘lib o‘tdi. Unda partiya markaziy organlari yangi tarkibi shakllandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatdi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga 2004 yil saylovi uchun Saylovoldi dasturini tasdiqladi. Shuningdek, partiya ustavi yangi tahrirda qabul qilindi.

Partiya o‘z o‘rnini kuchaytirib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenesi, barcha xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlarida O‘zbekiston XDP guruhlari tashkil etildi.

2005 yil 17 fevralda O‘zbekiston XDP fraksiyasi Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP, «Fidokorlar» XDP va «Adolat» SDP fraksiyalarining Demokratik blokka birlashishiga, ya’ni parlamentdagi ko‘pchilikni tashkiliy rasmiylashtirilishiga javoban o‘z zimmasiga parlamentdagi ozchilik muholifat rolini olishi haqida e’lon qildi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining V qurultoyi 2005 yil 2 iyulda bo‘lib o‘tdi, u barcha sohalarda partiyani chuqur isloh qilish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatmalarni ishlab chiqdi. Qurultoy xalq demokratiyasi umume’tirof etilgan tamoyillari — ijtimoiy tenglik va ijtimoiy birdamlikka asoslangan partiyaning yangi Dasturini qabul qildi. Bundan tashqari, partiyaning «butun xalq» partiyasi bo‘lishga oid xomxayolligidan ozod bo‘lish sari amaliy qadamlar qilindi.  

Partiya tashkil topgandan keyin ilk bor uning Dasturida doimiy elektorati — ijtimoiy ko‘makka muhtoj va partiyaning siyosiy faoliyati uchun manfaatlarini belgilovchi hisoblangan aholi qatlamlari aniq belgilandi.

O‘zbekiston XDP delegatsiyasi 2006 yil 7-10 sentyabr kunlari Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo mamlakatlari siyosiy partiyalari Xalqaro konferensiyasining IV Bosh Assambleyasi ishida qatnashdi.

2016 yil 14 oktyabrda O‘zbekiston XDP X qurultoyi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ishtiroki munosabati bilan mahalliy partiya tashkilotlarining tashkiliy va siyosiy vazifalari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.  

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining 2017 yil 31 martdagi VII plenumi “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari Harakatlar strategiyasini amalga oshirilishi bo‘yicha Davlat dasturi ijrosini ta’minlash yuzasidan XDP tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldida turgan muhim vazifalarni ko‘rib chiqdi. Shu bilan birga partiyaning 2015-2019 yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritdi.

Partiyaning tuzilishiga ko‘ra, 1 ta markaziy, 14 ta hududiy – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahar hamda 22 shahar va 179 tuman tashkilotlari, shuningdek, a’zolarini ish joyi va yashash joyi bo‘yicha birlashtirgan 10 mingdan ziyod boshlang‘ich tashkilotlari mavjud.

 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA