Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Partiyaga yangi a’zolar qabul qilindi
17:41 / 2024-02-24

Buxoro neft va gaz sanoati kollejida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasining “Parlamentda yoshlar o‘rni” loyihasi doirasida mahalliy Kengash deputatlarining yoshlar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.

Partiyaning ushbu loyiha ijrosini ta’minlashda O’zLiDeP a’zosi bo‘lgan buxorolik yoshlar ham faol ishtirok etayotgani, bu esa o‘z navbatida ularning qonun ijodkorligidagi o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishida muhim o‘rin tutishi e’tirof etildi. Yoshlarning daxldorlik hissini kuchaytirishda bunday loyihalarning ahamiyati beqiyos ekanligi ta’kidlandi.  

– Yoshlarimizning deputatlar bilan o‘tkazgan bugungi uchrashuvi ularning o‘qishdagi, jamoat ishidagi, ayniqsa, partiyaviy faoliyatida muhim bosqich bo‘lib hisoblanishi bilan ahamiyatlidir, – deydi kollej yoshlar yetakchisi Xurshida Azimova. –Yigit- qizlarning huquqiy bilimlarini oshirish, siyosiy savodxonligini kuchaytirish, intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan bunday uchrashuvlar, hech shubhasiz, kelajakda ular orasidan eng munosib nomzodlarni deputatlikka saylash imkonini beradi. Chunki yosh avlod vakillari orasida iqtidorli, tashabbuskor, yangilikka intiluvchi, ayniqsa, IT texnologiyalarini mukammal o‘zlashtirib olishga erishayotgan yigit-qizlar talaygina. Mamlakatimiz kelajagi ular qo‘lida ekanligi bilan biz chindanda faxrlanamiz.  

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar  yoshlarni mamlakatimizda huquqiy -demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish jarayoniga keng jalb qilish, deputatlik guruhlarining yig‘ilishlari kun tartibiga yoshlar muammolari bilan bog‘liq masalalarni olib chiqish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.  

Uchrashuv doirasida yoshlarning qonun ijodkorligiga oid savollariga tashkilotchilar tomonidan batafsil javob berildi.  

Partiyaning dasturiy maqsad va g‘oyalari bilan tanishgan bir guruh yoshlar O’zLiDeP safiga qabul qilindi. Ularga a’zolik guvohnomalari topshirildi.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri