French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Partiyadan yana bir xayrli tashabbus
15:45 / 2021-03-26

Buxoroda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi viloyat kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi hamkorligida tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.

Tadbirda dastlab “Sog‘lom oila – mustahkam oila” loyihasi doirasida “Oila mustahkam bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi” mavzuida davra suhbati bulib o‘tdi. Ayollarda uchraydigan ayrim kasalliklarning oldini olishga qaratilgan bir qator ma’ruzalar tinglandi.  

Tibbiy ko‘rikda viloyat markazidagi A.Navoiy, Ulug‘bek, Ko‘kaldosh, “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan turli yoshdagi xotin-qizlar terapevt, onkolog, endokrinolog, jarroh singari mutaxassis shifokorlar, shuningdek, yurak-qon tomirlari va tish xastaliklarini davolovchi 30 ga yaqin malakali mutaxassislar qabulida bo‘lishdi.  

Mutaxassislar tomonidan tegishli maslahat va zarur tavsiyalar berildi. Davolanishga ehtiyoj bor xotin-qizlarga tibbiyot muassasalariga yo‘llanma berildi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining 16 turdagi jami 163 million so‘mlik dori-darmonlari bepul tarqatildi.

–Bunday tadbirlarning xotin-qizlar salomatligini mustahkamlashdagi ahamiyati  beqiyos, – deydi  Buxoro shahridagi “Ko‘kaldosh” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, O‘zLiDeP faoli Malika Ishxodjayeva. – Turli kasalliklar profilaktikasini hech shubhasiz tibbiy ko‘riklarsiz tasavvur etish qiyin. Shu bois, mahallamiz ayollari ham ushbu tadbirda faol  qatnashdi.  

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi tomonidan xotin-qizlar yo‘nalishida ko‘plab xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur tibbiy ko‘rik ham ayollar sog‘ligini tiklash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Zarif Komilov,  O‘zA