Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Aktam Xaitov andijonlik saylovchilar bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Andijon davlat tibbiyot institutida partiyaning saylovoldi targ‘ibot-tashviqot tadbirlari doirasida o‘tkazilgan uchrashuvda tibbiyot tizimi xodimlari, keng jamoatchilik vakillari – saylovchilar ishtirok etdi.
Uchrashuvda partiya yetakchisi O‘zLiDeP saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari, xususan, dasturda belgilangan 5 maqsad va 500 vazifa doirasida kelgusi besh yilda amalga oshiriladigan ishlar hamda ularning jamiyat rivoji, aholi turmush farovonligini oshirishdagi ahamiyati haqida ma’lumotlar berdi, o‘zining fikr va mulohazalarini bildirdi.
[gallery-19803]
Tadbirda so‘z olgan partiya mutasaddilari saylovoldi dasturining aniq yo‘nalishlari bo‘yicha gapirdi. Xususan, partiyaning saylovoldi dasturida:
- aholi o‘rtasida kasalliklarni keskin kamaytirish, sog‘lom turmush tarzini faol joriy etish, o‘rtacha umr davomiyligini 78 yoshga yetkazish;
- kelgusi besh yilda byudjetdan tibbiyotga ajratiladigan yillik mablag‘ hajmini kamida 2 karra oshirish, ya’ni 6 milliard dollarga yetkazish;
- kasalliklar profilaktikasi borasidagi ishlar ko‘lamini kengaytirish;
- onalar va bolalar o‘limi, bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga qisqartirish, onkologik, yurak-qon tomir, qandli diabet bo‘yicha erta o‘limni 2,5 barobarga kamaytirish;
- xotin-qizlar o‘rtasida onkologik kasalliklarni kamaytirish maqsadida 40 yoshdan oshgan ayollar uchun tegishli davriylikda tibbiy ko‘rikdan o‘tish joriy qilinishi, kafolatlangan bepul tibbiy yordam, uning aniq hajmining huquqiy asoslarini ishlab chiqish kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, mamlakatimizda “Tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish, sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish ham kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ekanligi alohida qayd etildi.
Fuqarolarga tibbiy xizmatlar uchun kreditlar ajratish tizimini joriy etish, salomatlikni tiklash uchun bankdan imtiyozli kredit olish imkoniyatini yaratish, yuragida nuqsoni bo‘lgan 5 ming nafar, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish ehtimoli yuqori bo‘lgan 10 ming nafar chaqaloqni har yili bepul davolash choralarini ko‘rish, onkologik xastalikka chalingan bemorlarni davolash va sog‘ayib ketishi uchun zarur sharoitlar yaratilish borasida ham aniq vazifalar belgilangan.
O‘zLiDEP ekspertlari ehtiyojmand oilalarning onkologik kasalligi bor farzandlariga o‘zak hujayralarni transplantatsiya qilish xarajatlari to‘liq davlat hisobidan qoplanishi lozim, degan taklifni ilgari surmoqda.
Shuningdek, partiyaning saylovoldi dasturida nodavlat tibbiyot muassasalariga aholining hayoti, sog‘ligi va sanitariya-epidemiologik xotirjamligi uchun yuqori darajadagi xavf-xatar bilan bog‘liq tibbiy faoliyat turlaridan boshqa barcha turdagi tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish, murakkab operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini berish, litsenziyalash tartibini yanada soddalashtirish yuzasidan aniq takliflar ilgari surilgani qayd etildi.
Mamlakatimizga sifatsiz va inson hayoti uchun xavfli dori vositalari olib kirilishiga qat’iy chek qo‘yish, zamonaviy farmatsevtika klasterlari hamda zonalarini tashkil etish, umuman, aholi salomatligini saqlash uchun mavjud barcha imkoniyatlarni ishga solish muhim ekanligi aytib o‘tildi.
Qizg‘in savol-javoblar, ochiq muhokamalar ruhida o‘tgan uchrashuvda so‘z olgan saylovchilar O‘zLiDEPning “Va’da emas – natija, ertaga emas – bugun!” shiori ostida tashkil etilayotgan tadbirlari, xalqchil saylovoldi dasturi xalqimiz manfaatlariga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
So‘zga chiqqan saylovchilar partiyaning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, bo‘lib o‘tadigan saylovlarda partiyaga va partiya tomonidan deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlar uchun ovoz berishlarini aytib o‘tdi, barcha yurtdoshlarimizni O‘zLiDeP uchun ovoz berishga chaqirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari