FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston “Adolat” SDP Ciyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova Farg‘ona viloyat Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida bo‘lib, keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar oldi. Ularning yashash sharoitlarini o‘rgandi.
Markaz 260 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, doimiy yashovchilar uchun 170 o‘rin ajratilgan. Bugungi kunda ushbu dargohda 139 nafar fuqaro doimiy istiqomat qilmoqda.
– Partiyamiz dasturiy maqsadlarida yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, salomatligini muhofaza qilish, ularni jamiyatdan ajralib qolmasliklari uchun zarur sharoitlarni yaratish borasidagi tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda, - deydi partiya yetakchisi Robaxon Mahmudova.
[gallery-21595]
Markazda istiqomat qilayotgan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularda mehnat hamda madaniy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida davolash mehnat ustaxonalari tashkil etilgan. Jumladan, kashtachilikning 2 xil yo‘nalishi bilan 17 nafar, tikuvchilik bilan 4 nafar, terido‘zlik bilan 10 nafar, bog‘dorchilik va quyonchilik bilan 3 nafar, to‘quvchilik bilan 6 nafar, kulolchilik bilan 4 nafar keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs muntazam shug‘ullanib kelmoqda.
Robaxon Mahmudova uchrashuv so‘nggida markazda istiqomat qilayotgan, keksaligi va nogironligiga qaramay, umrini ezgu ishlarga bag‘ishlayotgan fuqarolarga partiyaning esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA