O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi tashabbusi bilan AT Xalq banki Navbahor Bank xizmatlari markazi tomonidan aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va mikroloyihalarning bugungi holati yuzasidan eshituv tashkil etildi.
Bank xizmatlari markaziga Navbahor tumanida mavjud 41 ta mahalladan Yangiyo‘l, Qorovultepa, G‘ujbog‘tepa, Paxtakor va O‘zbekiston mahallalari biriktirilgan. Ularda 4 ming 116 ta xonadon bo‘lib, 18 ming 288 nafar aholi istiqomat qiladi. Ishsizlar soni esa 358 tani tashkil etadi.

– Uyma-uy yurgan holda hokim yordamchilari bilan birgalikda o‘zimizga biriktirilgan mahallalarning drayver yo‘nalishlarini aniqlab olib, ularning biznes rejasini ishlab chiqdik. Beshta mahallaning har biridan o‘rtacha 7 tagacha kam daromadli, lekin daromadini oshirish istagi bo‘lgan 35 ta xonadonlar tanlab olinib, ularni chorvachilik, bog‘dorchilik, dehqonchilik, parrandachilik va issiqxona faoliyatidan olayotgan yillik daromadini 50-60 million so‘mga chiqarish bo‘yicha ishlarni boshlab yubordik. Endilikda ushbu xonadon egalarida yiliga issiqxonadan o‘rtacha yillik daromadi 50-60 million so‘m, chorvachilik faoliyatidan sut mahsulotlarini sotib, o‘rtacha yillik daromadi 10-15 million so‘m, baliqchilik mahsulotlari yetishtirib, o‘rtacha yillik daromadi 70-80 million so‘m, jami yillik 100-130 million so‘m daromad olish imkoniyati paydo bo‘ldi, – deydi bank xizmatlari markazi chakana biznes bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi J.Haqberdiyev.

Shuningdek, Navbahor tumani Qorovultepa mahallasida faoliyat yuritib kelayotgan “QOROVULTEPA ZAMONAVIY MEBELLARI” oilaviy korxonasi rahbari murojaatiga ko‘ra, unga mebel ishlab chiqarish uskunasi sotib olish uchun 100 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Natijada korxonada 10 ta yangi ishchi o‘rni yaratildi.

2024 yilda 5 ta mahallada istiqomat qiluvchi 681 ta fuqaroga “Har bir oila tadbirkor” davlat dasturi doirasida 16 milliard 388 million so‘m imtiyozli kreditlar ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda esa dasturga asosan 318 nafar fuqaroga 7,2 milliard so‘m va Biznesni rivojlantirish banki resurslari orqali 40 ta tashabbuskorga 7,4 milliard so‘m miqdorida kredit ajratilishi rejalashtirilgan. Natijada 438 nafar fuqaro ish bilan ta’minlanadi.
Tadbirda deputatlarning fikrlari tinglanib, tegishli tartibda qaror qabul qilindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri.