Namanganda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat kengashi hamda xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhining qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi rahbariyati, tuman va shahar kengashlari raislari, mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari a’zolari, faol tadbirkorlar, fermerlar, BPT raislari hamda partiya faollari ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentimizning joriy yil avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti va unda ilgari surilgan tashabbuslar atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, 2025 yil 19 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon ijrosi yuzasidan partiya tuzilmalarining vazifalari belgilab olindi.

Dastavval, davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan muloqoti aks etgan videolavha namoyish etildi. So‘ngra o‘tgan davrda tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida erishilgan natijalar tahlil qilinib, ochiq muloqotda bildirilgan yangi tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir yakunida, ochiq muloqot va qabul qilingan farmonda belgilangan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish barcha partiya tuzilmalari uchun ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. Shuningdek, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida hal qilishda partiyaning faol ishtiroki muhimligi qayd etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA