Ma’lumki, siyosiy partiyalarning ta’sir kuchini belgilab beruvchi muhim omillardan biri uning ichki tuzilmasi, mahalliy bo‘g‘inlardagi ijro intizomi va tashkilotlararo hamkorlikning qay darajada shakllanganidir. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi bu borada zamon talablarini teran anglab, o‘z ichki mexanizmlarini isloh qilish, mahalliy tashkilotlar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish va faoliyat samaradorligini oshirishni strategik ustuvor vazifalardan biri, deb biladi.
Nurafshon shahrida mazkur partiya tashabbusi bilan “Hududiy va tuman (shahar) partiya tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirish masalalari” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Unda Markaziy apparat mas’ullari, tuman, shahar va viloyat kengashlari xodimlari, partiya faollari va OAV vakillari qatnashdi. Dastlab “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov so‘zga chiqib, partiya faoliyatida hududiy va mahalliy bo‘g‘inlar roli ortib borayotganini ta’kidladi. Endi ular faqat ijrochi emas, balki tashabbuskor va siyosiy ta’sir kuchiga ega markaz sifatida harakat qilishi lozimligi aytildi.
[gallery-24334]
Bu borada partiya ichki tuzilmasida hisobdorlik va intizomni ta’minlash, xususan, boshlang‘ich tashkilotlarda tashkiliy-huquqiy tartiblarni yuritishda yagona standart va nazorat mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish orqali barcha bo‘g‘inlar o‘rtasida izchil va ta’sirli munosabatlar tizimini shakllantirish qayd etildi.
Shundan so‘ng, Kengash raisi o‘rinbosari Ozoda Parpiboyeva partiyaning kelgusida qanday siyosiy ta’sir kuchiga ega bo‘lishi uning mahalliy tuzilmalari qay darajada faol ishlashiga ahamiyat qaratib, mazkur yo‘nalishda har bir quyi bo‘g‘in o‘z hududida fuqarolarning taklif va muammolarini o‘rganishi yuzasidan fikr bildirdi.
Seminar davomida partiya hududiy va mahalliy tashkilotlari ijroiya qo‘mitalari, plenumlari hamda rahbarlarning vakolat va vazifalarini normativ asoslarda, mas’uliyat va tashabbuskorlik bilan tashkil etishi borasida muhokamalar bo‘ldi.
Yakunda yig‘ilish ishtirokchilari ish faoliyatini tashkil etishda o‘zining ish tajribasi, faoliyat mezonlari va hamkorlik aloqalari bilan o‘rtoqlashdi. Mutasaddilar tomonidan ularga zarur huquqiy va tashkiliy tushuntirishlar berildi.
A.Musayev, A.Alijonov, O‘zA.(surat)