Bugungi murakkab sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi, milliy manfaatlarimiz va xalqimiz osuda hayotini ta’minlash uchun Qurolli Kuchlarimizning o‘rni beqiyos.
Shu nuqtai nazardan, harbiylar faoliyatini jamiyat bilan uzviy bog‘lab borish, ularda fuqarolik mas’uliyati, huquqiy ong va vatanparvarlik ruhini mustahkamlash davlat va jamiyat oldidagi muhim vazifalardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda Bo‘stonliq tumanidagi harbiy qismda ma’rifiy-vatanparvarlik tadbiri tashkil etildi. Unda asosiy e’tibor harbiy xizmatni nafaqat kasb, balki Vatan oldidagi yuksak mas’uliyatli burch sifatida anglash, harbiylarning jamiyatdagi o‘rni va maqomini yanada yuksaltirishga qaratildi.
Tadbirda “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Ozoda Parpiboyeva, harbiy qism rahbariyati, Siyosiy Kengash Markaziy apparati, partiya viloyat kengashi mas’ul xodimlari va harbiy xizmatchilar qatnashdi. Uchrashuv avvalida mehmonlarga mazkur harbiy qismda yaratilgan sharoitlar ko‘rsatildi.
Harbiylarning jangovar chiqishlari, harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shundan so‘ng faollar zalida muloqot tashkil etildi. Unda so‘z olgan Ozoda Parpiboyeva harbiy xizmatni yuksak fidoyilik, sabr-toqat va qat’iyat talab qiladigan sharafli yo‘l ekanini alohida ta’kidladi.
Partiyaning mudofaa, harbiylar va ularning ijtimoiy himoyasiga oid yondashuvlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Bunda “Adolat” partiyasi uchun kuchli armiya – bu faqat qurolli tizim emas, balki huquqiy kafolatlar, munosib turmush va ma’naviy barqarorlikka tayangan tuzilma ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, harbiy qism komandiri, podpolkovnik Sunnat Xamrayev ham so‘zga chiqib, mudofaa sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan sharoitlar, shaxsiy tarkibning ma’naviy-ruhiy tayyorgarligi, xizmat intizomi va Vatanga sadoqat tamoyillari haqida fikr bildirdi.
– Jarayonda berilgan ma’lumotlar harbiy xizmatchilar uchun, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Harbiylar va partiya faollari o‘rtasida ochiq va samarali muloqot barchaga manzur bo‘ldi. Kelgusida ham bu kabi uchrashuvlarni ko‘proq tashkil etish lozim, – deydi mayor Parvozali Usmonov.
Uchrashuv so‘ngida yig‘ilganlar harbiy vatanparvarlik ruhidagi bunday muloqotlar Qurolli Kuchlar bilan fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini e’tirof etdi. Tadbir davomida bir guruh harbiy xizmatchilarga namunali faoliyati uchun navbatdagi harbiy unvonlar, ko‘krak nishonlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Musayev, O‘zA.