Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parrandalar vabosi: mutaxassis izoh berdi
17:08 / 2026-01-27

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tovuqlarning ommaviy nobud bo‘layotgani aks etgan videolar keng tarqaldi. Mualliflar bu holatni “tovuq chumasi” yoki parranda grippi bilan bog‘lamoqda.

Xo‘sh, bu xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin, haqiqatan ham xavf bormi yoki bu asossiz vahimami? 

- Ushbu mavzuda vahima qilishga hojat yo‘q. Fuqarolardan tasdiqlanmagan, manbasi va manzili aniq bo‘lmagan ma’lumotlarga ishonmasliklarini so‘raymiz deydi, "Parrandasanoat” uyushmasi raisining veterinariya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Po‘lat Rahmatullayev. 

Mutaxassis esa xalq orasida “tovuq chumasi” deb ataladigan holatlarni odatda, parrandalar orasida uchraydigan virusli kasalliklar bilan bog‘lamoqda. Ya’ni bunday kasalliklar tez yuqishi mumkin, biroq ilmiy asoslangan choralar o‘z vaqtida qo‘llanilsa, ularning oldini olish va tarqalishini cheklash ham mumkin. 

Kasallik belgilari qanday kuzatiladi? 

“Tovuqlar lohaslashib, ovqat va suvdan voz kechadi, axlati yashil rangda bo‘ladi, nafas olishda qiynaladi. Tuxum qo‘yishi keskin kamayib yoki butunlay to‘xtaydi, qisqa vaqt ichida bir nechta tovuq nobud bo‘lishi mumkin. Ayrim hollarda tovuqning toji yoki soqolchalari ko‘karib ketishi holatlari bir vaqtning o‘zida kuzatilsa, vaziyatga beparvo qarash mumkin emas” deydi mutaxassis. 

Qolaversa, parrandachilik sohasida kasalliklarning oldini olish, avvalo, rejali profilaktika tadbirlari va qat’iy bioxavfsizlik tizimiga bog‘liq. 

Shu maqsadda, aholi tomonidan boqilayotgan tovuqlar yiliga o‘rtacha 2–4 marta mahalliy veterinariya mutaxassislari ishtirokida profilaktik emlash ishlari bilan qamrab olinadi.

Ushbu o‘tkazilayotgan emlashlar esa parrandalar immunitetini mustahkamlab, virusli kasalliklar tarqalishining oldini oladi. 

Kasallikning odamlar uchun xavflilik darajasi qandayligi borasidagi savolimizga Po‘lat Rahmutallayev shunday javob berdi: 

  • Mazkur kasallik asosan parrandalarga xos bo‘lib, odamlarga yuqish holatlari juda kam uchraydi. Ular, odatda, kasal parrandalar bilan yaqin va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa natijasida kuzatiladi. Kundalik hayotda sanitariya qoidalariga rioya etilsa, aholi uchun xavf darajasi past hisoblanadi.

Hozirda respublika bo‘ylab parranda kasalliklarini oldini olishga qaratilgan amaliy choralar qat’iy belgilangan bo‘lib, vaziyat to‘liq nazoratga olingan. 

“Barcha hududlarda veterinariya xizmatlari tomonidan profilaktik tadbirlar, rejali emlash ishlari va bioxavfsizlik choralari kuchaytirilgan tartibda amalga oshirilmoqda. Kasallik alomatlari kuzatilgan holatda tezkor choralar ko‘rilib, tarqalishining oldini olishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda” deydi, mutaxassis.

Agar shu kabi va boshqa kasalliklar kuzatilsa, zudlik bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining hududiy bo‘linmalariga yoki “Parrandasanoat” uyushmasining quyidagi ishonch telefon raqamiga — +998 71 202 12 00 (ichki 406, 410) — murojaat qilish mumkin.

                                                                            M.Eshmirzayeva suhbatlashdi.