Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parrandachilik – istiqbolli soha
15:19 / 2015-11-24

Poytaxtimizda “YevroOsiyo – 2015” ikkinchi xalqaro parrandachilik forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston menejerlar va “Parrandasanoat” uyushmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Xitoy, Gollandiya, Rossiya, Ukraina kabi davlatlar vakillari ishtirok etdi.

Poytaxtimizda “YevroOsiyo – 2015” ikkinchi xalqaro parrandachilik forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston menejerlar va “Parrandasanoat” uyushmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Xitoy, Gollandiya, Rossiya, Ukraina kabi davlatlar vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, “Parrandasanoat” uyushmasi raisining o‘rinbosari P.Rahmatullayev, Yevroosiyo parrandachilar uyushmasi prezidenti S.Shabayev va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va fermerlik harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l-ko‘lligi va aholi farovonligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,6 foizga o‘sdi. Parrandachilikka ixtisoslashgan uch mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari va fermer xo‘jaliklarida parhez go‘sht va tuxum yetishtirish hajmi yil sayin ortmoqda. Hozir yurtimizda qariyb 55 million parranda parvarishlanmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foiz ko‘pdir.

Davlatimiz rahbarining 2008-yil 21-apreldagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan parrandachilik xo‘jaliklariga 2012-yilning 1-yanvariga qadar soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berildi.Mazkur imtiyozlar 2017-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilib, naslchilik xo‘jaliklari asosiy faoliyat turi bo‘yicha barcha soliqlar va majburiy to‘lovlardan ozod qilindi.

Sohaga tegishli korxonalar naslchilik mahsulotlari, texnologik uskunalar, ozuqa, vitaminli qorishmalar, zooveterinariya xizmati ko‘rsatishni rivojlantirishda zarur texnologiya va yordamchi uskunalarni chetdan olib kirishda bojxona to‘lovlari to‘lamaydi. Bu soliq imtiyozlari aholi va fermerlarni rag‘batlantirishi bilan birga, yurtimiz parrandachilik korxonalariga zamonaviy texnologiyalarini taklif qilayotgan xorijlik kompaniyalarning ko‘payishiga xizmat qilmoqda.

– O‘zbekistonda parrandachilik jadal rivojlanayotgan sohalardan biridir, – deydi Gollandiyaning «Bert International» kompaniyasi menejeri Valeriy Sirbu. – Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi parrandachilik korxonalarini o‘rganish jarayonida bunga amin bo‘ldik. Kompaniyamiz parrandachilik xo‘jaliklariga mo‘ljallangan zamonaviy, yarim avtomat texnologiyalarni ishlab chiqaradi. Kelgusida O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan broyler jo‘jalari, kurka, g‘oz yetishtirish borasida hamkorlik qilishni rejalashtirmoqdamiz.

Xalqaro forumda sohada qisqa muddatda parranda mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish va aholini sifatli parhez mahsulotlari bilan ta’minlashga erishilgani alohida qayd etildi. Zotdor parrandalarni ko‘paytirish va parvarishlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalar joriy etilayotgani, veterinariya profilaktika tadbirlari amalga oshirilayotgani parrandachilik korxonalari mahsuldorligini oshirish va ularning barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash imkonini berayotir.

Sohada kadrlar tayyorlash ham doimiy e’tiborda. Mamlakatimizdagi 224 qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida 25 mingdan ziyod yigit-qiz parrandachilik yo‘nalishida tahsil olmoqda. Tumanlarda parrandachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari tashkil etilayotgani parhez mahsulotlar ko‘payib, narxi arzonlashishida muhim omil bo‘layotir. Tibbiy me’yorlarga ko‘ra, bir kishining yillik o‘rtacha tuxum iste’moli 121 dona deb belgilangan bo‘lsa, mamlakatimizda bu ko‘rsatkich 130 donani tashkil etmoqda.

Parrandachilikni yanada rivojlantirish va mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida bu yil 940 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Yangi xo‘jaliklarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 77 milliard 740 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. Natijada 266 million 320 ming dona qo‘shimcha tuxum yetishtirilib, uch ming uch yuz ish o‘rni yaratildi.

– Parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan korxonalar yil sayin ko‘paymoqda, – deydi “O‘zbiokombinat” O‘zbekiston – Buyuk Britaniya – Rossiya qo‘shma korxonasi marketing bo‘limi boshlig‘i Fazliddin Muhammadiyev. – Bu ularning turli preparatlarga bo‘lgan talabini oshiradi. Korxonamizda kimyoviy-farmatsevtik va immunobiologik preparatlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda mahsulotlarimizni eksport qilish yo‘lga qo‘yildi. 2016-yildan chorva va parrandalarga mo‘ljallangan, Markaziy Osiyoda yagona yangi turdagi immunobiologik qo‘shimchalar ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqdamiz.

Xalqaro forumda parrandani oziqlantirish, kasalliklarga qarshi kurashish, naslchilik ishlarini yaxshilash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng jalb etishga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.