O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnoma yo‘llash instituti yangi O‘zbekiston tarixidagi o‘ziga xos bo‘lgan noyob amaliyot hisoblanadi. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq, Prezident Oliy Majlisga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega.
Murojaatnoma o‘z mohiyatiga ko‘ra, xalq va davlatning o‘zaro bir-biriga uzviy bog‘liqligini, davlat hokimiyatini shakllantirishda tarixiy tajribalarni zamonaviy uslublar asosida joriy etishga doir g‘oya va qarashlarni o‘zida mujassam etadi.
Murojaatnomada ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarni amalga oshirishda Oliy Majlis palatalari, deputatlar va senatorlar oldiga qo‘yilgan ayrim vazifalarga to‘xtalamiz.
Birinchi, Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2023 yil – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da birinchi yo‘nalish sifatida ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tishni taklif qildi.
Xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qo‘l boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tish vaqti kelgani ta’kidlandi.
Uzoq tayyorgarlik ko‘rilgan yangi ma’muriy islohotlar doirasida birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgaradi. Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi.
Har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi. Ko‘p vazirlar o‘zgaradi. O‘z sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq rozi bo‘layotgan vazirlar lavozimida qoladi.
Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqaradi. Iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi.
Ma’muriy islohotlarni amalga oshirish amaldagi ko‘plab qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo etadi. Bu esa Hukumat tomonidan qonun loyihalarini tayyorlash rejasini puxta ishlab chiqishni, parlament palatalaridan esa Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalarini kompleks va tizimli tarzda ko‘rib chiqish, qabul qilish va ma’qullashni talab qiladi.
Ikkinchi, Murojaatnomada eng dolzarb muammo bo‘lgan korrupsiya masalasiga alohida to‘xtalib, o‘tgan ikki yilda 5 mingga yaqin mansabdor korrupsiyaviy jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortilganligiga, lekin bu – masalaning sababi bilan emas, oqibati bilan kurashish yetarli emasligiga urg‘u berildi.
Shundan kelib chiqib, davlat rahbari deputat va senatorlar, mahalliy Kengashlar ham bong urib, aniq sohalarni tahlil qilib, korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha faol bo‘lishga chaqirdi, buning uchun ularda yetarli vakolat ham, shijoat ham borligini ta’kidladi.
Uchinchi, iqtisodiy islohotlar qat’iy davom ettirilib, ichki imkoniyatlar to‘liq safarbar etilgan holda xususiy sektor yanada qo‘llab-quvvatlanadi.
Birinchi navbatda, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuvlar joriy etiladi.
Kelgusi yildan tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib 5 ta toifaga ajratiladi. Tadbirkorlar uchun subsidiya, kredit va kompensatsiyalar toifalardan kelib chiqib beriladi. Ular uchun soliq stavkalari har xil bo‘ladi.
Biznesga soliq yukini kamaytirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Jumladan, 1 yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida yiliga kamida 14 trillion so‘m mablag‘ qoladi.
Demak, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda Oliy Majlis palatalari qonun ijodkorligi sohasida Hukumat bilan hamjihatlikda ilg‘or tajribalar asosida soliq va bojxona ma’murchiligini jiddiy isloh qilishning qonuniy asoslarini takomillashtirishga e’tibor qaratishi lozim bo‘ladi.
To‘rtinchi, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanadi. Qisqa muddatda huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o‘rgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratiladi.
Eng avvalo, odamlarning joylarda sudma-sud sarson bo‘lib yurishlariga barham beriladi. Yangi tizim doirasida tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanksiya berish prokurordan sudga o‘tkaziladi.
Tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qo‘ya olmaydi. Bundan buyon mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali amalga oshiriladi. Sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanadi.
Odil sudlovni ta’minlashda himoyachiga berilgan huquqlar ham qayta ko‘rib chiqilib, vakolatlari kengaytiriladi. Sudlarga jinoyat ishi nafaqat ayblov xulosasi bilan, balki himoyachi fikri bilan birga qabul qilinishi yo‘lga qo‘yiladi. Ayblanuvchining himoyachidan voz kechishi bo‘yicha har bir holat prokuror, sud tomonidan sinchiklab o‘rganiladigan tizim joriy etiladi.
Mazkur tizimning qonuniy asoslarini yaratish maqsadida Oliy Majlis palatalari Oliy sud, Bosh prokuratura, Advokatlar palatasi va keng jamoatchilik bilan birgalikda amaldagi jinoyat-protsessual qonun hujjatlariga, advokatura va prokuratura to‘g‘risidagi qonunlarga xalqaro huquq normalariga mos keladigan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha bahamjihat ishlarni tashkil qilishi kerak.
Foziljon OTAXONOV,
Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari
instituti direktori, yuridik fanlari doktori, professor
O‘zA