French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parlamentning eng yosh deputati: “Menga hech qachon” to‘xtab tur”, “gapirma” degan munosabat bo‘lmagan
15:35 / 2026-02-16

Motivatsiya!

Bugun yurtimiz yoshlari o‘z iqtidori va yuksak salohiyati bilan har bir jabhada faollik ko‘rsatib kelmoqda. Ularning tashabbuskorligi, ilg‘or g‘oya va ishlanmalari, loyihalari keng e’tirof etilayotgani, yosh yigit-qizlarga yuksak ishonch bildirilayotgani e’tiborga molik. 

Ana shunday salohiyatli yoshlar parlament faoliyatiga ham keng jalb etilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining eng yosh deputati, “Adolat” fraksiyasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibi Behzod To‘xtamurodov parlamentdagi faoliyati davomida bir qator muhim qonun loyihalariga mas’ul bo‘lib, o‘zining salohiyatini namoyon etib kelayotgan yosh xalq vakillaridandir. 

1996-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan Behzod To‘xtamurodov bolaligidan texnikaga qiziqib, muhandislik mutaxassisligini egalladi. Yoshlar faoli sifatida o‘zini ko‘rsatdi. Quyida yosh deputat o‘z faoliyati haqida batafsil gapirib berdi: 

– Bolaligimdan texnik jihatdan murakkab bo‘lgan narsalarni o‘rganishga, yangi texnologiyalar va ixtirolar bilan shug‘ullanishga qiziqardim, – deydi Behzod To‘xtamurodov. – Shu sababli aniq fanlarni chuqurroq o‘zlashtirish maqsadida Toshkent davlat texnika universiteti huzuridagi Akademik litseyga o‘qishga kirdim. O‘qishni yakunlab, 2014-yilda kursdosh do‘stlarim bilan birgalikda Yevropadagi universitetlarning kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tdik. Bir vaqtning o‘zida qiziqishlarimdan kelib chiqib, Toshkent davlat texnika universitetiga ham hujjatlarimni topshirgan edim. Talaba bo‘lgach, ta’lim jarayonini O‘zbekistonda davom ettirishga qaror qildim. 

2015-yilda universitet rahbariyati tomonidan talaba yoshlar uchun innovatsion klub tashkil etildi va unga turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar a’zo bo‘ldi. Mazkur klub doirasida bizning InnoGroup jamoamiz shakllandi va innovatsion loyihalar, xususan, additiv texnologiyalar yo‘nalishidagi loyihalar ustida ish olib borishni boshladik. 

2015-yil so‘ngida ilk 3D printerimizni yasab ishga tushirdik va unga “UZDELTA 3D printeri” nomini berib, 3 yil mobaynida uning kinematik tuzilishini takomillashtirib bordik. Jamoamiz bilan respublika miqyosida yoshlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan “startap tashabbuslari” akseleratsion loyihasida 2018 va 2019-yillar g‘olib bo‘ldik. 2018-yilda Belarus Respublikasida o‘tkazilgan “VIII muhandislik va texnologiya yo‘nalishidagi forum”ida “UZDELTA 3D printeri” loyihamiz bilan ishtirok etib, MDH davlatlari orasida ikkinchi, 2019-yilda esa birinchi o‘rinni egalladik.

Ta’kidlash joizki, “UZDELTA 3D printeri” loyihasi faoliyatimda texnologik innovatsiyalar va ilmiy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yishga asos bo‘ldi va InnoGroup innovatsion startap kompaniyasi tashkil etildi. 

2019-yil mening hayotimda unutilmas va g‘ururli onlardan biri sifatida yodda qoldi. Shu yili ilk bor yurtboshimiz tomonidan oliy ta’lim vakillari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda jamoamiz bilan birgalikda loyihamiz doirasida yaratilgan kichik laboratoriyamiz haqida ma’lumot berdim. Davlatimiz rahbari loyihamizga katta ishonch bildirib, orzuimiz aniq maqsadga aylanishiga sababchi bo‘ldilar. 

Ajratilgan mablag‘lar yordamida 2019-2021-yillar mobaynida jamoamiz va universitet hamkorligida additiv texnologiyalar ishlab chiqarish klasterini yaratdik. 2021-yil oktabr oyida klasterda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan davlatimiz rahbariga loyiha taqdimoti o‘tkazildi va 3D printerlarni avvalo, ta’lim tizimiga joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma oldik. Dastlab Olmazor tumanidagi barcha umumta’lim maktablariga 3D printerlar joriy etildi. 

2019-yil avgustda Prezidentimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim men uchun yangi ilhom manbai bo‘ldi. Ushbu mukofot mening kelgusi faoliyatimga yanada ko‘proq kuch va g‘ayrat bag‘ishladi. Shuningdek, zimmamga katta mas’uliyat yukladi. 

Kutilmaganda yil so‘ngida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatligiga nomzodlikka taklif etishdi. 23 yoshimda shahar Kengashi deputati sifatida saylandim va Kengashdagi eng yosh deputatga aylandim. Deputatlik menga jamiyatimizning ijtimoiy va iqtisodiy hayotini rivojlantirish, saylovchilar manfaatini himoya qilish, yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun imkon yaratdi.

2020-yildan boshlab Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi, 2022-yildan Yoshlar parlamenti raisi sifatida faoliyat boshladi. Yosh parlamentariylar bilan birgalikda yoshlarning siyosiy-huquqiy ongi va savodxonligi, ijtimoiy faolligini oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda qonunchilik jarayoniga yoshlarni jalb etish yuzasidan ko‘plab ishlarni amalga oshirdik. 

2024-yilda yana bir bor xalqimiz ishonchiga sazovor bo‘lib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga “Adolat” sotsial demokratik partiyasi ro‘yxati bo‘yicha deputati etib saylandim. Parlamentda eng yosh deputat bo‘lish bu, eng avvalo, katta mas’uliyatdir – axir qonun ijodkorligi masalalarini ich-ichigacha kirib borish, ularni tahlil etib aniq takliflar berish masalasi qarshimda turgandi. 

Prezidentimiz yangi shakllangan parlament bilan uch kun ketma-ket tarixiy muloqot qilib, alohida biz yoshlarga e’tibor qaratgan holda xalqimiz ishonchi bilan deputatlik maqomiga erishganimizni e’tirof etganlari menga yanada katta shijoat va kuch berdi. 

Qonunchilik palatasi deputati faoliyatida fraksiya ishi alohida o‘rin tutadi. Men a’zo bo‘lgan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi jamiyat hayotining barcha jabhalarida ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirish, aholining kam ta’minlangan va ehtiyojmand qatlamlari uchun samarali ijtimoiy muhofaza tizimini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratadi. 

Har hafta yalpi majlis oldidan fraksiya yig‘ilishlarida kun tartibiga kiritilgan qonun loyihalari, qarorlar va dolzarb masalalarni muhokama qilish jarayonida qonun loyihalari mazmuni, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri, saylovchilar manfaatlariga mosligi tahlil qilinadi va fraksiyaning yagona pozitsiyasi shakllantiriladi. Fraksiya orqali biz Qonunchilik palatasi majlislari kun tartibi bo‘yicha takliflar kiritamiz, qonun loyihalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar beramiz, shuningdek, davlat va ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslariga savol va talablar bilan murojaat qilamiz.

Shuningdek, Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari qo‘mitasi a’zosi sifatida innovatsiyalar, raqamli iqtisodiyot va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan qonunchilik masalalari ustida ham ish olib boraman. 

Deputat sifatidagi faoliyatim juda qiziqarli va ayni paytda nihoyatda xilma-xil. Deputatlik faoliyati faqat qonun loyihalarini ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmaydi: doimiy tahlil, savol berish, joylarga chiqish, aholining muammolari va ehtiyojlarini tinglash, hal qilish, shuningdek, qabul qilinayotgan qarorlarni hayot bilan uyg‘unlashtirishni talab qiladi. 

Maqsadim – ustozlarimiz boshchiligida xalqchil, yangi innovatsion yechimlar bilan boyitilgan, yoshlar manfaatlarini yanada ko‘proq himoya qiluvchi qonunlar ustida ishlash orqali menga bildirilgan ishonchni oqlash.

Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, faoliyatim davomida menga hech qachon “sen yoshsan, to‘xtab tur”, “keyin gapirasan” yoki “umuman gapirmay qo‘ya qol” degan munosabat bildirilgan emas. Aksincha, Qonunchilik palatasida yosh deputat sifatida bildirilayotgan har bir fikr, har bir savol mazmuni va asosi bilan baholanadi. Yangi O‘zbekiston yoshlaridan biri sifatida bizlarga berilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda menga ishonch bildirilgan har jabhada xalqimiz manfaati va davlatimiz rivoji uchun harakat qilaman. Tengdoshlarimga, o‘sib kelayotgan avlodga ham da’vatim: orzu qilaylik, intilaylik va yangi cho‘qqilarga erishaylik!

Muhtarama Komilova, O‘zA