Munosabat
Ma’lumki, 2015 yilda BMT tomonidan 2030 yilgacha bo‘lgan barqaror rivojlanish kun tartibi va uning 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) tasdiqlangan edi. Mazkur “Kun tartibi, bu – odamzod, sayyora va farovonlik yo‘lidagi harakat rejasi” hisoblanib, u yanada erkinroq sharoitlarda umumbashariy tinchlikni mustahkamlash, barqaror tinchlik va taraqqiyotni ta’minlash g‘oyasiga asoslangan, shuningdek, jahon hamjamiyati tomonidan o‘zaro bog‘liq va globallashayotgan dunyoda mavjud yoki yuzaga keladigan asosiy muammolarni hamkorlikda bartaraf etish uchun birgalikda faol choralar ko‘rishga yo‘naltirilgan.
E’tiborli jihati, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la hamohang bo‘lgan strategiyalarimizga muvofiq qabul qilinayotgan Davlat dasturlariga binoan ishlab chiqilib, hayotga tatbiq qilinayotgan qonunlar mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 10 dan ortiq xalqaro tashabbuslar ham BRMga hamohangligi bilan yanada ahamiyatli sanaladi.
Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi majlisida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga asosan ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullandi.
Mazkur rezolyutsiya parlamentlar o‘rtasidagi mustahkam va konstruktiv munosabatlar barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, parlamentlarga o‘zlarining nazorat mexanizmlari yaxshi tuzilganligi va 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun BRM to‘liq amalga oshirishga qaratilgan milliy taraqqiyot rejalari va strategiyalarini malakali monitoring qilish va baholash uchun ekspert bilimlari va resurslariga ega bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan.
Qolaversa, 2022 yil 29 dekabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senat Kengashlarining “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2022 yil 14 dekabrdagi “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari haqida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi.
Ushbu qo‘shma qaror BMT rezolyutsiyasida va 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish hamda O‘zbekistonning barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlariga erishishda parlament, ijroiya hokimiyati va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali ijtimoiy hamkorlik o‘rnatishga yo‘naltirilgan.
Qaror bilan 13 yo‘nalish bo‘yicha 50 dan ziyod aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlangan. Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarini milliy Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga jalb qilish, tegishli yo‘nalishlarda davlat ijtimoiy buyurtmasini joylashtirish hamda davlat granti tanlovlarini e’lon qilish hamda global va milliy BRMga erishish, rezolyutsiyaning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari va “Yo‘l xaritasi” doirasida erishilgan natijalar haqida milliy va xalqaro jamoatchilikni xabardor qilib borish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qo‘shma qaror Yangi O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalarga erishishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimizni barqaror rivojlantirishni “inson – jamiyat – davlat” prinsipi asosida amalga oshirishga xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA