Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasini o‘tkazishdan maqsad parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va demokratiyani mustahkamlashdir.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan tashkil etilayotgan ushbu assambleya Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor o‘tkazilmoqda, – dedi Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev. – Shu sababdan assambleyaga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkiliy qo‘mita tuzilib, barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Assambleyaning "Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati" mavzusi bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etadi. Aholini ijtimoiy himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, gender tengligini ta’minlash, ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar kun tartibidan o‘rin olgan.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda parlament tizimini isloh qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlar qo‘ydi. Parlamentimiz xalq manfaatlarini himoya qilish, demokratik qadriyatlarni mustahkamlash borasida izchil ishlarni amalga oshirayotir.
Ushbu assambleya doirasida biz global muammolarni hal etishda parlamentlarning rolini kuchaytirish, tajriba almashish va o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Ishonchim komilki, bu yirik anjuman samarali muloqotlar va muhim qarorlar qabul qilish uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA