French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi o‘z ishini davom ettirmoqda
11:12 / 2025-04-06

Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi o‘z ishini davom ettirmoqda. 2025 yil 5-9 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan nufuzli xalqaro anjumanda 190 ga yaqin davlatdan kelgan 2 mingga yaqin delegat, xalqaro tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Assambleya birinchi ish kunida uchrashuvlar, samarali muloqotlar tashkil etildi. Kun davomida Ayol parlamentariylar byurosi majlisi, Parlament ayol a’zolari forumining 39-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

«Toshkent siti kongress xoll»da assambleyaning tantanali ochilish marosimi ham o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva, Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov, Parlamentlararo ittifoq Prezidenti T.Ekson, Bosh kotibi M.Chungong so‘zga chiqdi.   

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi asosida tashkil etilgan, “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkazilayotgan Assambleya doirasida ijtimoiy taraqqiyotga erishish, adolatli jamiyatni barpo etishda parlamentlar ishtirokini kengaytirish va faolligini oshirishga qaratilgan 90 ga yaqin turli tadbirlar va debatlar bo‘ladi.   

Xalqaro tadbirning ikkinchi ish kunida Assambleya boshqaruv qo‘mitasi, boshqaruv kengashi, Sog‘liqni saqlash bo‘yicha maslahat guruhi majlislari o‘tkaziladi. Tinchlik va xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy qo‘mita, Barqaror rivojlanish bo‘yicha doimiy qo‘mitalarda rezolyutsiya loyihasi muhokama qilinadi. Yosh parlamentariylar forumi kengashi, Parlamentlar bosh kotiblari assotsiatsiyasi yig‘ilishi tashkil etiladi. “Parlamentning ijtimoiy rivojlanish va adolat yo‘lidagi sa’y-harakatlari” mavzusidagi umumiy munozaralar boshlanadi. BMT ishlari bo‘yicha doimiy qo‘mita byurosi majlisi bo‘ladi. Parlamentlar bosh kotiblari assotsiatsiyasi vakillari parlamentga tashrif buyurishi kutilmoqda.   

E’tirof etish kerakki, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi nafaqat o‘zining tarixiyligi, balki butun mazmun-mohiyati bilan jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, mamlakatlar barqaror rivojlanishini ta’minlashning muhim sharti bo‘lgan ijtimoiy sohani rivojlantirishga qaratilgan.   

Norgul Abduraimova,

Nosir Haydarov (surat), O‘zA