Ma’lumki, 5-9 aprel kunlari Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi o‘tkaziladi.
Jahon parlamentlari yetakchilari diyorimizda jam bo‘lishi mamlakatimizning bu boradagi faoliyati ham yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat. Ushbu nufuzli anjumanda 181 davlatdan 2 000 ga yaqin delegat ishtirok etishi kutilyapti.
Qayd etish kerak, 190 ga yaqin milliy parlamentni birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi yuqori yurtlardagina o‘tkaziladi. Ayniqsa, ushbu global tuzilmaning yubiley tadbiri aynan O‘zbekistonga ishonib topshirilgani o‘lkamizdagi jadal islohotlarning xalqaro e’tirofi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
“Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” shiori ostida kechadigan turkum yig‘ilishlarda butun dunyo parlament delegatsiyalari tomonidan ko‘plab dolzarb masalalar muhokama qilinadi. Forum yakunida ishtirokchi mamlakatlar xalqaro hamkorlikning asosiy masalalari bo‘yicha yakdil pozitsiyani aks ettiruvchi dasturiy hujjat – Toshkent deklaratsiyasini qabul qilishi mo‘ljallanyapti.
Quyida Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining qisqacha tarixi, rahbariyati va tarkibi, strategik maqsadi, shuningdek respublikamiz bilan hamkorligi haqida ayrim ma’lumotlarni keltiramiz.
Parlamentlararo Ittifoq haqida

Parlamentlararo Ittifoq (Inter-Parliamentary Union, IPU) – xalqaro parlament tashkiloti bo‘lib, 1889 yil tashkil etilgan va ayni yo‘nalishdagi muloqot uchun eng yirik platforma hisoblanadi.
Tashkilot faoliyati tinchlik va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, vakillik organlari mavqeini mustahkamlashga qaratilgan.
1889 yil 30 iyun kuni Parijda ilk bor 9 mamlakat parlamenti a’zolari xalqaro parlamentlararo ittifoq yig‘ilishida uchrashdi. Keyinchalik ushbu sana xalqaro parlamentarizm kuni sifatida belgilandi. Dastlab ittifoq yig‘ilishlari “parlamentlararo konferensiyalar” nomi bilan asosan Yevropada o‘tkazilgan. 1956 yil yig‘ilish ilk bor Osiyo davlati – Bangkokda o‘tkazildi.
1989 yil Londonda bo‘lib o‘tgan 82-yig‘ilishni qirolicha Yelizaveta ochib berdi va aynan shu yig‘ilishda Parlamentlararo ittifoqning 100 yilligi nishonlandi.
2025 yil Parlamentlararo Ittifoq ilk bor Markaziy Osiyo – Toshkentda 150-yig‘ilishini o‘tkazadi. Ma’lum qilinishicha, IPU 136 yillik faoliyati davomida 150 marta to‘planib, dunyo bo‘ylab parlamentlarni demokratiya yo‘lida birlashtirish, umumiy maqsad sari yetaklashda davom etmoqda.
Tarkibida 181 davlat, 15 mintaqa parlamenti birlashgan tuzilmaning bosh qarorgohi Shveysariyaning Jeneva shahrida, mintaqaviy idoralari Nyu-York (AQSH) va Vena (Avstriya)da joylashgan. Veb-sayti – www.ipu.org
Prezident

Parlamentlararo Ittifoq Prezidenti tashkilotning siyosiy rahbari hisoblanadi va Ijroiya qo‘mita rahbari sifatida tuzilma faoliyatini yo‘naltirib, nazorat qiladi. 2023 yil 27 oktyabrdan buyon bu vazifani Tuliya Ekson bajarmoqda.
Tuliya Ekson Dor-us-Salom universitetini tamomlagan, huquq bakalavri (LLB) va magistri (LLM), 2007 yil Janubiy Afrika Respublikasi Keyptaun universitetida falsafa doktori (PhD) darajasini olgan.
Bosh kotib

Bosh kotib bosh ijrochi direktor sifatida tashkilotni boshqaradi, Boshqaruv kengashi oldida hisobdor. Ayni payt bu lavozim egasi – Martin Chungong. U milliy va xalqaro darajadagi parlamentchilik sohasida 40 yillik tajriba to‘plagan. 2014 yil iyuldan shu vazifada faoliyat yuritib kelayotgan Martin Chungong Kamerun parlamentida 14 yil, Parlamentlararo Ittifoqda 20 yildan ko‘p ishlagan. 2020 yil “Xalqaro gender chempionlari” (IGC) tashkiloti Global kengashi raisi etib saylangan.
Kamerunning Yaunde va Ottava universitetlarida akademik darajasini qo‘lga kiritgan.
Tarkibi

Assambleya tomonidan turli masalalarni ko‘rib chiqish, jumladan rezolyutsiya loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha asosiy ish 4 ta doimiy komissiya tomonidan amalga oshiriladi: Tinchlik va xalqaro xavfsizlik, Barqaror rivojlanish, moliya va savdo, Demokratiya va inson huquqi, BMT ishlari bo‘yicha. Komissiya majlislari yiliga 2 marta o‘tkaziladi.
Ittifoq tarixidagi muhim voqealar

1889 yil – Hakamlik uchun Xalqaro parlament ittifoqi ta’sis etildi.
1899 yil – Parlamentlararo Ittifoq sifatida qayta nomlandi.
1922 yil – Nizom qabul qilindi.
Nizomga ko‘ra, Parlamentlararo Ittifoq oldiga quyidagi maqsaddar qo‘yilgan:
– Barcha parlament a’zolari o‘rtasida shaxsiy aloqalarni rivojlantirish va ularni birgalikda faoliyat yuritishi uchun birlashtirish;
– Vakillik institutlarini mustahkamlash va rivojlantirish;
– Xalqaro tinchlik va hamkorlikni rag‘batlantirish uchun xizmat qilish.
1997 yil – Jahon demokratiya deklaratsiyasi qabul qilindi. Keyinchalik ushbu sana Xalqaro demokratiya kuni sifatida belgilandi.
2016 yil – 2017-2021 yillar uchun strategiya – “Eng yaxshi parlament – kuchli demokratiya garovi” qabul qilindi.
135-Assambleya – 198-yig‘ilishda MDH Parlamentlararo Assambleyasiga a’zo-hamkor maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
2018 yil – BMT Bosh Assambleyasining 72/278-rezolyutsiyasi – “Birlashgan Millatlar Tashkiloti, milliy parlamentlar va Xalqaro parlament ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik” asosida “30 iyun – Xalqaro parlamentarizm kuni” ta’sis etildi.
2021 yil – 2022-2026 yillar uchun yangi strategiya qabul qilinib, ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Muhim sammitlar

1889 yil, Parij. Sanoqli mamlakatlar parlamentlari vakillari qatnashgan Assambleyaning mazkur birinchi yig‘ilishida nizolarni xalqaro arbitraj orqali bartaraf etish, parlament suverenitetini ta’minlash va global tinchlik jarayoniga qonunchilik yo‘li bilan ta’sir ko‘rsatish masalalari muhokama qilingan.
1989 yil, Moskva. Oradan 100 yil o‘tib, ko‘p ming sonli ishtirokchilar va kuchli ta’sirga ega Assambleyaning yubiley sammitida XXI asr boshidagi global xavfsizlik paradigmalarini qayta shakllantirish, inson huquqi bo‘yicha xalqaro monitoring mexanizmini kuchaytirish hamda demokratik institutlarni mustahkamlash masalalari kun tartibiga qo‘yilgan.
Keyingi 26 yil davomida tashkilotning Rim, Madrid, Berlin, Jeneva, London, Vashington kabi yirik shaharlarda bo‘lib o‘tgan muloqotlarida ham insoniyat oldida turgan murakkab masalalar yechimi ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ldi.
Ahamiyat berilsa, har bir sammitda jahon miqyosidagi muammolar yechimi yuzasidan rezolyutsiya, deklaratsiyalar ishlab chiqilgan.
Parlamentlararo Ittifoqning ta’sirini kuchaytirishga qaratilgan 5 ta strategik maqsad belgilangan:

1. Samarali va vakolatli parlamentlarni shakllantirish;
2. Inklyuziv va vakillik parlamentlarini rivojlantirish;
3. Barqaror va innovatsion parlamentlarni qo‘llab-quvvatlash;
4. Jamlaviy parlament faoliyatini kuchaytirish;
5. Parlamentlararo Ittifoq mas’uliyatini oshirish.
O‘zbekistonning Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorligi

O‘zbekiston 1992 yil Parlamentlararo Ittifoqqa a’zo bo‘lgan. 2007 yil to‘xtatilgan hamkorlik 2017 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan 137-assambleya natijasiga ko‘ra, qayta tiklandi. 2020 yil tashkilot mamlakatimiz Oliy Majlisining COVID-19 davridagi faoliyatini yuqori baholadi.
2022 yil Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti o‘tkazildi.
Bir so‘z bilan aytganda, 150-yubiley Assambleya yurtimizda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro maydonda nufuzi tobora ortayotgani isbotidir.
O‘tkir Alimov tayyorladi.
O‘zA