Ma’lumki, yaqin kunlarda Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi (keyingi o‘rinlarda MDH PA yoki Parlamentlararo Assambleya)ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Shu munosabat bilan mazkur organ qanday tashkilot ekanligi, uning asosiy funksiyalari va o‘tgan davr mobaynida qanday ijobiy natijalarga erishganligi masalalari qiziqish uyg‘otishi tabiiy.
Parlamentlararo Assambleya milliy parlamentlar tomonidan tayinlanadigan yoki saylanadigan a’zo davlatlarning parlament delegatsiyalaridan tashkil topgan bo‘lib, davlatlararo organ hisoblanadi. bugungi kunda Parlamentlararo Assambleya a’zolari: Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Tожикистон, Украина, Qirg‘izston, Qozog‘iston va Ўзбекистон parlamentlari hisoblanadi.
MDH PA ishchi organi Parlamentlararo Assambleya Kengashi hisoblanadi, u doimiy asosda Parlamentlararo Assambleyaning ishini tashkil etadi. Kengash qoida tariqasida yilda ikki marta yig‘iladi va yalpi majlislarni o‘tkazadi.
Yalpi majlislarda Parlament delegatsiyalaridan tashqari MDHning boshqa organlari, kuzatuvchilar va xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari hamda ekspertlar ishtirok etadi.
MDH bilan bir vaqtning o‘zida paydo bo‘lgan Parlamentlararo Assambleya o‘z faoliyatining ilk kunlaridanoq yangi siyosiy va iqtisodiy sharoitlarda parlamentlarning hamkorligi uchun muhim maydonga aylangan. Mustaqillikka erishgan mamlakatlar huquqiy tizimlarni tubdan isloh qilishlari lozim edi, shuning uchun Parlamentlararo Assambleya doirasida amalga oshirilgan birgalikdagi faoliyat natijasida mazkur islohotlar ro‘yobga chiqarildi. Natijada mamlakatlarning milliy qonunchiligini MDH doirasida uyg‘unlashtirishga harakat qilinmoqda.
MDHga a’zo davlatlarning huquqiy tizimlarini yaqinlashtirish va qabul qilinayotgan model (namunaviy) qonunlar va tavsiyalar asosida MDH doirasida har tomonlama integratsiya uchun sharoitlar yaratish Parlamentlararo Assambleyaning asosiy vazifasi sifatida qaralmoqda.
Parlamentlararo Assambleyaning boshqa muhim yo‘nalishlari sirasida MDH umumiy iqtisodiy makonining huquqiy asoslarini shakllantirish, saylovlar va referendumlar ustidan kuzatuv o‘tkazish, tinchlikni saqlash, xalqaro hamkorlik, parlamentarizm tarixini o‘rganish va ommalashtirish kabi faoliyatiни ko‘rsatsak bo‘ladi.
MDHga a’zo davlatlar qonunchiligini yaqinlashtirish maqsadida parlament delegatsiyalari tarkibidan 10 ta doimiy komissiya tuzilgan. Ular faoliyatining asosiy maqsadi – model qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish hisoblanadi. Parlamentlararo Assambleya tomonidan qabul qilingan va tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan model qonunlar MDHga a’zo davlatlar parlamentlari uchun milliy qonunchilikni rivojlantirish va yaqinlashtirish yo‘lidagi qonun ijodkorligi faoliyatida namuna sifatida tavsiya etiladi.
Hozirgi kunda Parlamentlararo Assambleya 600 ga yaqin model qonunlarni va boshqa shunga o‘xshash hujjatlarni qabul qilgan.
Parlamentlararo Assambleya tomonidan tayyorlangan bir qator hujjatlar MDHning amaldagi davlatlararo hujjatlariga aylangan. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida tinchlikni ta’minlash bo‘yicha Kollektiv kuchlar to‘g‘risidagi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining bayrog‘i to‘g‘risidagi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining emblemasi to‘g‘risidagi nizomlar, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarda harbiy xizmatchilar, harbiy xizmatdan bo‘shatilgan fuqarolar va ularning oila a’zolarini uy-joy bilan ta’minlash to‘g‘risidagi kelishuv, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarda demokratik saylovlar, saylov huquqlari va erkinliklari standartlari haqidagi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar o‘rtasida chegaraviy hamkorlik haqidagi konvensiyalar, Qandli diabet kasalligi ko‘payishiga qarshi kurashishda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlik haqidagi va Davlat muhofazasiga muhtoj bo‘lgan shaxslarning xavfsizligini ta’minlashda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlik haqidagi kelishuvlar shular jumlasidan.
Parlamentlararo Assambleyasi qabul qilgan ayrim hujjatlar xalqaro shartnomalarning asosini tashkil etadi. Ular qatoriga Terrorizmga qarshi kurash sohasida MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlik shartnomasi, Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari haqidagi, Narkotik moddalar, psixotrop vositalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish sohasida MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlik haqidagi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida lizing faoliyatini kengaytirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy sharoitlarni tashkil etish haqidagi, Birgalikdagi milliy tele-tibbiyot tizimlarini tashkil etish va kelgusida ularni rivojlantirish hamda foydalanishda MDHga a’zo davlatlarning o‘zaro hamkorligi haqidagi kelishuvlar, Jinoiy daromadlarni legallashtirish (yuvish) va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish haqida MDHga a’zo davlatlarning shartnomasini kiritsak bo‘ladi.
MDHga a’zo davlatlarning huquqiy tizimlarida Parlamentlararo Assambleyaning hujjatlariga ehtiyoj mavjudligini model qonunlardagi normalar milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilinayotganligi ham tasdiqlamoqda.
Yuqorida qayd etilganidek, Parlamentlararo Assambleya faoliyatida umumiy iqtisodiy makonning huquqiy asoslarini – model qonunchiligiga kiruvchi model qonunlar, tavsiyalar va boshqa hujjatlarni ishlab chiqishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Chunonchi, Parlamentlararo Assambleya iqtisodiy sohadagi model qonun ijodkorligi bozor iqtisodiyotining huquqiy asoslarini, MDH umumiy iqtisodiy makonini shakllantirishga, jumladan, MDH va Bojxona ittifoqiga a’zo mamlakatlarda erkin savdo zonasini huquqiy ta’minlashga, fuqarolik va iqtisodiy aylanmasini, byudjet va fiskal siyosatining munosabatlarini o‘zaro kelishilgan holda tartibga solishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Insonning asosiy huquq va erkinliklarini himoya qilish Parlamentlararo Assambleya faoliyatida ustuvorlik kasb etadi. Mazkur sohada Parlamentlararo Assambleya ijtimoiy siyosat, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi muammolarni yechishda gumanitar va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan yagona yondashuvlarni ishlab chiqmoqda.
Mazkur jarayonda Mustaqil davlatlar fuqarolarining ijtimoiy huquqlari va kafolatlari Xartiyasi hamda quyidagi masalalarga qaratilgan yaxlit model qonunchilik hujjatlari va tavsiyalarining qabul qilinishi muhim bosqich hisoblanadi:
onalik va bolalikni himoya qilish, aholini ijtimoiy himoya qilish, bandlikni rag‘batlantirish, migratsiya jarayonlarini tartibga solish, sog‘liqni saqlash, sanitariya va gigiyenaga rioya qilish sohasida model qonunchilik bazasini takomillashtirish;
tibbiyot fanini, tibbiy va farmatsevtik ta’limni rivojlantirish, dori vositalari va tibbiy texnologiyalardan foydalanish va ularni ekspertizadan o‘tkazish;
tibbiy sug‘urta, ekologik xavfsizlik va qulay atrof-muhitni tashkil etish;
sog‘lom hayot tarzini shakllantirish, jismoniy madaniyat va sportni, turizmni rivojlantirish, tibbiy-sog‘lomlashtirish hududlari va kurortlarning faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.
"Qizil xoch" jamiyatining Xalqaro qo‘mitasi hamda "Qizil xoch" va "Qizil yarim oy" jamiyatlarining xalqaro federatsiyasi bilan birgalikda xalqaro gumanitar huquqni MDHga a’zo davlatlarning milliy qonunchiligiga implementatsiya qilish Parlamentlararo Assambleya faoliyatining muhim yo‘nalishiga aylandi.
Bundan tashqari, Parlamentlararo Assambleya Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda aholini tibbiy xizmatlar bilan butunlay qamrab olishni rag‘batlantirish uchun ko‘maklashishga hamda atrof-muhitni himoya qilish sohasida integratsiya hamkorligini rivojlantirish yo‘lida sharoitlarni yaratishga, MDH doirasida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish uchun o‘zaro kelishilgan qonunchilik bazasini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Parlamentlararo Assambleya bugungi kun tartibida xavfsizlikning yangi xavf-xatarlari va tahdidlari alohida o‘rin egallamoqda.
Mazkur masalada Parlamentlararo Assambleya tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar va xatti-harakatlar xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash maqsadini ko‘zlamoqda.
MDHga a’zo davlatlarning kelishilgan qonunchilik yondashuvlari terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, transchegaraviy jinoyatchilik, korrupsiyaga qarshi birgalikdagi kurashishni yanada kuchaytirish uchun sharoitlarni ta’minlamoqda.
Mudofaa va xavfsizlik, yangi xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurashish sohasidagi model qonunchilikning aksariyat normalari MDHga a’zo davlatlarning qonunshunoslari tomonidan milliy qonunlarni tayyorlashda inobatga olingan.
Parlamentlararo Assambleya tomonidan chegaraviy va axborot xavfsizligini, odam savdosi va noqonuniy migratsiyani bartaraf etishni huquqiy ta’minlashga qaratilgan hujjatlar ishlab chiqilmoqda va qabul qilinmoqda.
MDH Parlamentlararo Assambleyasi xavfsizlikni mustahkamlash va yangi xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik shakllarini faol joriy qilmoqda. 2004 yilda MDH PA Kengashi tashabbusi bilan Hamdo‘stlik mamlakatlarining terrorizm, jinoyatchilik va narkobiznesga qarshi kurashish sohasidagi qonunchiligini uyg‘unlashtirish bo‘yicha MDH PA qoshida Birlashtirilgan komissiya tashkil etildi. Mazkur komissiya MDH organlari, BMT, OBSE va boshqa xalqaro tashkilotlarning ixtisoslashgan tuzilmalari o‘rtasida tizimli va yaqin tarmoqlararo hamkorlikning samarali shakliga aylandi.
Saylovlar va referendumlar ustidan kuzatuv orqali amalga oshirilayotgan demokratiya rivojlanishi va saylov huquqlariga rioya qilinishi monitoringi Parlamentlararo Ассамблеянинг alohida faoliyat yo‘nalishi sifatida e’tirof etilmoqda. MDHga a’zo davlatlar parlament a’zolari xalqaro kuzatuvchilar maqomida MDHga a’zo va boshqa davlatlarda elektoral jarayonlar ustidan monitoringni amalga oshirmoqdalar. Kuzatuvchilar va ekspertlar saylov qonunchiligini tahlil qilmoqdalar, elektorat faoliyati sohasida erishilgan yutuqlar va kamchiliklarni e’tirof etmoqdalar.
Saylovlar ustidan nazorat faoliyatini Parlamentlararo Assambleyaning Demokratiyani rivojlantirish, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya qilish xalqaro monitoring instituti muvofiqlashtirmoqda.
Hozirgi vaqtda Parlamentlararo Assambleyaning kuzatuvchilari MDHga a’zo va boshqa davlatlarda130 ga yaqin saylov kampaniyalari va referendumlari ustidan monitoring ishlarini olib borgan.
MDHga a’zo va boshqa davlatlarda saylovlar ustidan o‘tkazilgan kuzatuvlar tajribasi Parlamentlararo Assambleya tomonidan demokratik saylovlarning yagona mezonlarini o‘z ichiga olgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarda demokratik saylovlar, saylov huquqlari va erkinliklari mezonlari (standartlari) haqidagi Konvensiyada o‘z ifodasini topdi.
Parlamentlararo Assambleya tomonidan olib borilayotgan ilmiy-vakillik funksiyasi alohida e’tiborga molik.
Parlamentlararo Assambleyaning 20 yillik faoliyati davomida 362 ta xalqaro ilmiy-vakillik tadbirlari o‘tkazildi, bunda 7 mingdan ortiq davlat, siyosat va jamoat arboblari, yetuk olimlar, mutaxassislar ishtirok etishdi.
Muhim tadbirlar sirasida: to‘qqizta Peterburg xalqaro iqtisodiy forumini; ikkita xalqaro kongress: “MDHga a’zo davlatlarda telekommunikatsiyaning rivojlanishi va axborot jamiyatini shakllantirish” hamda “Axborot jamiyatida ishonch va xavfsizlik”; 2002 yildan boshlab umumevropa hamkorligi, shuningdek, madaniyatlararo va dinlararo o‘zaro muloqot, migratsiya jarayonlarining globallashuvi, global iqtisodiy inqiroz sharoitida energetika va ekologik xavfsizlik hamda Yevropaning kelajakdagi xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘kaziladigan parlament konferensiyalarini ko‘rsatish mumkin.
Parlamentlararo Assambleya xalqaro gumanitar hamkorlikни mustahkamlash borasida jiddiy rol o‘ynamoqda. Assambleya madaniyat, mashhur tarixiy voqealar, masalan, Somoniylar davlati tashkil topishining 1100 yilligiga bag‘ishlangan bir qator yirik gumanitar aksiyalarning tashabbuskori hisoblanadi.
Parlamentlararo Assambleya faoliyatida xalqaro hamkorlik katta o‘rin egallaydi. MDH PA bir qator yetakchi xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT hamda aksariyat parlamentlararo birlashmalar: Parlamentlararo kengash, Yevropa Ittifoqining Parlament assambleyasi, OBSE Parlament assambleyasi va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik haqidagi kelishuvlarni imzolagan.
O‘zbekiston MDH PA tuzilmasida keng vakillikka ega va faol ishtirok etmoqda. Jumladan, yuqorida qayd etilganidek, Parlamentlararo Assambleya 10 ta parlament delegatsiyasidan iborat. O‘zbekistonning Parlament delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva va Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilovlar rahbarlik qiladilar. Delegatsiya tarkibiga Senatning 4 ta va Qonunchilik palatasining 5 ta qo‘mitasi raislari, Senatning 2 ta qo‘mita raislarining o‘rinbosarlari kiritilgan.
O‘zbekistonning parlament a’zolari MDHning tuzilmalarida ham keng vakillikka ega. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi E.Zohidov MDH PA Madaniyat, axborot, turizm va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi; Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi D.Fayziyeva Ijtimoiy siyosat va inson huquqlari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi, Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sh.Nazarov Iqtisodiyot va moliya bo‘yicha doimiy komissiya a’zosi, Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi I.Abdullayev Davlat qurilishi va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish tajribasini o‘rganish bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zosidir.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston parlamenti MDH PA model qonunchiligida faol ishtirok etmoqda. Parlament amaliyotida ilk bor “Organik qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida”gi model qonun loyihasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surilgan. Bu jarayonda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti ilmiy xodimlari ham faol ishtirok etishmoqda. Oxirgi ikki yil mobaynida 100 dan ortiq model qonun loyihalari bo‘yicha 300 dan ortiq takliflar kiritilgan, ularning aksariyati qonun loyihalarini maromiga yetkazishda inobatga olingan. Masalan, “Saylovlar va referendumlar ustidan xalqaro kuzatuv to‘g‘risida”gi, “Asalarichilik to‘g‘risida”gi, “Ilmiy va ilmiy-texnik ekspertiza to‘g‘risida”gi, “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi, “Davlat va munitsipal (kommunal) mulkni xususiylashtirish to‘g‘risida”gi model qonun loyihalariga bildirilgan takliflar to‘laligicha qabul qilindi.
Parlamentarizmni rivojlantirish va mustahkamlash, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi faoliyatining huquqiy asoslarini rivojlantirish va takomillashtirish, xalqaro aloqalarni va parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish borasidagi xizmatlari uchun bir qator deputatlar va senatorlar hamda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari “MDHning 30 yilligi” medali va ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishgan.
Mazkur voqeaga bag‘ishlangan tantanali tadbirda so‘zga chiqqan Senat Raisi Tanzila Norboyeva Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning Parlamentlararo Assambleyasi 30 yillik faoliyati davomida Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishga doir dolzarb masalalar bo‘yicha qo‘shma muhokamalarni o‘tkazish va qarorlar qabul qilishda samarali maydonga aylanganini, Parlamentlararo Assambleya MDH hududida demokratik jarayonlarni va parlamentarizmni, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotganligini alohida ta’kidladi.
Biz bu fikrga to‘la qo‘shilgan holda shuni qo‘shimcha qilib aytmoqchi edikki, Parlamentlararo Assambleya, ayniqsa, oxirgi yillarda haqiqatan ham, parlament diplomatiyasi, parlamentlararo hamkorlik, shu jumladan, O‘zbekiston parlamenti a’zolari uchun samarali va konstruktiv maydon sifatida o‘zini namoyon etmoqda.
Foziljon OTAXONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi
Qonunchilik muammolari va parlament
tadqiqotlari instituti direktori,
yuridik fanlar doktori, professor