Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Parlament so‘roviga javob: 2022 yilda 30 milliard 273 million metr kub suv yetkazib berildi
09:21 / 2022-10-26

Parlament nazorati milliy parlamentimiz faoliyatining muhim funksiyalaridan biri hisoblanadi. Uning vositasida turli soha va tarmoqlardagi ishlar holati tahlil etilib, kamchilik va muammolar bartaraf etiladi. Shu bois ham muntazam ravishda parlament nazoratining turli ko‘rinishlaridan samarali foydalanib kelinadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida”gi masala yuzasidan yuborilgan Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyevning javobi ko‘rib chiqildi. 
 
Parlament so‘roviga javobda qayd etilganidek, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish, sohaga bozor tamoyillari, mexanizmlari, shuningdek, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2022 yil davomida sug‘orish ishlariga jami 30 milliard 273 million m3 suv yetkazib berildi. 

Olingan suv bilan mavsumda 14,3 million gektar, shundan 3,8 million gektar g‘o‘za, 3,1 million gektar g‘alla, 1,2 million gektar nam suvi va sho‘r yuvish hamda 6,2 million gektar tomorqa va boshqa ekinlar sug‘orilgan. Suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya tadbirlarini amalga oshirish, yerlarni lazerli tekislash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish hisobidan jami 5,5 milliard m3 suv tejalishiga erishilgan. 
 
Shuningdek, nasos stansiyalarning energiya samaradorligini oshirish maqsadida vazirlik tizimidagi jami 145 dona nasos, 262 dona elektrodvigatel, 710 dona suv miqdorini “onlayn” rejimda monitoring qilish qurilmasi, 4 ming 279 dona yorug‘lik diod lampa, 84 dona kondensator qurilmasi, 53 dona chastota o‘zgartiruvchi qurilma va 70 dona quyosh batareyalari o‘rnatilgan. 2 ming 116 dona nasos agregati hamda 1 ming 125 dona sug‘orish quduqlari ta’mirlangan. Natijada o‘tgan davrda 132 million kVt. soat elektr energiyasini iqtisod qilishga erishilgan. 
 
Sohaga raqamli texnologiyalarni joriy qilish maqsadida 2 ming 140 ta suv xo‘jaligi ob’ektiga “Aqlli suv” qurilmasi, 710 ta nasos stansiyasiga suvni onlayn nazorat qilish qurilmasi o‘rnatilgan. Shuningdek, 8 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektlarining boshqaruv jarayoni avtomatlashtirilgan hamda 1 ming 570 ta meliorativ kuzatuv qudug‘iga sizot suvlari sathi va minerallashganlik darajasini onlayn nazorat qiluvchi raqamli qurilmalar o‘rnatildi. 

Majlisda parlament so‘roviga yuborilgan javob ma’lumot uchun qabul qilindi. 


 
M.Komilova, O‘zA